Barcha hududiy aeroportlarda «Ochiq osmon» rejimi joriy etiladi. Samarqandda esa ta’mirlash ishlari yakunlangach...
2020 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida «Ochiq osmon» rejimini joriy etish to‘g‘risidagi buyrug‘i imzolandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
«Ochiq osmon» rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab IATA «Qish 2022/2023» mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni o‘zgartirish imkoniyati bilan O‘zbekiston Respublikasining Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda «beshinchi havo erkinligi» huquqini qo‘llagan holda joriy etiladi.
Buyruqqa muvofiq «Ochiq osmon» rejimi:
➖ Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;
➖ Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlarning aviakompaniyalariga ko‘rsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda, parvozlar soni cheklovlarisiz O‘zbekiston Respublikasi tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yo‘nalishlarda «beshinchi havo erkinligi» va yo‘lovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;
➖ Samarqand shahridagi aeroportda qayta ta’mirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.
Mazkur rejimga muvofiq Navoiy va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun «yettinchi havo erkinligi»ga qadar bo‘lgan huquqlar beriladi.
Yangi havo yo‘nalishlarini ochishga qiziqish bildirgan yoki parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar kerakli hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda Transport vazirligi qoshidagi Aviatsiya agentligiga va Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishi lozim. Ushbu masala yuzasidan barcha murojaatlar qisqa fursatda ko‘rib chiqiladi.