Bayden va Tramp Kapitoliyga hujum qilinganining bir yilligi munosabati bilan ginalashib olishdi

AQSh prezidenti Jo Bayden va sobiq Amerika yetakchisi Donald Tramp Kapitoliy bosib olinganining bir yilligi munosabati bilan bir-birini ayblab, "o‘pkalashdi". Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Oq uyning amaldagi rahbari oldingi rahbarni 2020 yilgi saylovlardan keyin hukumatni tinch yo‘l bilan topshirishga to‘sqinlik qilganlikda aybladi. Baydenning qayd etishicha, bu Vashingtonda tartibsizliklarga olib keldi. "U buni prinsiplar emas, balki kuch muhim bo‘lgani uchun qildi", dedi u. 25 daqiqalik nutqi davomida siyosatchi biror marta ham o‘zidan oldingi prezident nomini tilga olmadi.

O‘z navbatida, AQShning sobiq prezidenti uchta bayonot bilan chiqdi, unda u vorisni tashqi va ichki siyosatdagi qator muvaffaqiyatsizliklardan e’tiborini chalg‘itishga, shuningdek, mamlakatni bo‘lishga urinishda aybladi.

2021 yil oktyabr oyida Tramp Kapitoliyga bostirib kirishga oid hujjatlar va materiallarni, jumladan, qo‘ng‘iroqlar jurnallari, sharh va nutqlar loyihalarini tergov qo‘mitasiga topshirishga to‘sqinlik qilishga uringani xabar qilingan edi.

Kapitoliy binosiga bostirib kirish 2021 yil 6 yanvarda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlari mitingi chog‘ida yuz berdi. Ular noyabrdagi ovoz berish natijalarini tan olmagan, natijada demokrat Jo Bayden davlat rahbari etib saylangan edi. Namoyishlar politsiya bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga olib kelib, besh kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar hibsga olingan edi.