Belarus muxolifatchisi Mariya Kolesnikova o‘g‘irlab ketildi

Belarus muxolifatchisi Mariya Kolesnikovani Minsk markazida mikroavtobusga o‘tqazishgan va noma’lum tomonga olib ketishgan. Bu haqda Rambler.ru nashri xabar berdi.

Voqea guvohi bo‘lgan Anastasiyaning so‘zlariga ko‘ra, voqea 7 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:05 (12:05 – Toshkent vaqti)da Milliy rassomchilik muzeyi yonida sodir bo‘lgan.

“Men asfaltga qulab tushgan telefon ovozini eshitdim. O‘girilib qarasam, fuqarolik kiyimidagi niqob taqqan odamlar Mariyani mikroavtobusga tiqishdi, uning telefoni qo‘lidan uchib ketdi. Noma’lum odamlardan biri telefonni oldi va mikroavtobusga sakrab chiqdi va ular ketishdi”, deya so‘zlab berdi voqea guvohi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kolesnikovani tanigan. Biroq hodisani videoga olishga qo‘rqqan. Shu bilan birga guvoh muxolifatchi olib ketilgan avtomobilda “Aloqa” yozuvi bo‘lganini aytdi.

Ma’lum qilinishicha, Kolesnikovaning qo‘l telefoni ishlab turibdi. Lekin u telefonga javob bermayapti.