"Bemorlar ahvoli og‘irligi"ni aytib, yaqinlaridan "rozilik so‘ragan" ayol videosiga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, telegram kanallari orqali kiyimiga va so‘zlariga qaraganda tibbiyot xodimi bo‘lgan, ammo o‘zini tanishtirmagan ayolning qisqa videosi tarqalmoqda. Shifokor yoki hamshiraligi noma’lum bo‘lgan bu ayol «bemorlar ahvoli og‘irligi»ni aytadi va o‘z yaqinlariga «rozilik so‘rash» ma’nosida yig‘lab so‘zlaydi.
SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev ushbu video yuzasidan izoh berdi.
Shu kunlardagi vaziyatdan kelib chiqib, ko‘pchilikning xayoliga birinchi navbatda koronavirusga chalingan bemorlar kelishi tabiiy. Ammo ayolning liboslari tibbiy bo‘lsa-da, maxsus kiyimlar emas, ya’ni aksariyat bemorlar saqlanayotgan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti xodimlariniki bilan bir xilmas. Qolaversa, bu muassasaning xodimlaridan kimdir shunday yo‘l tutishiga ishonish qiyin.
Shuni ma’lum qilamizki, videodagi ayol Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti xodimi emas.
Hozir ayni shu masala bo‘yicha surishtiruv olib boryapmiz va to‘liq ma’lumot bo‘lishi bilan xabar beramiz. Ammo dastlabki xulosalar bo‘yicha aytish mumkinki, aynan bu ayol Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida shifokor yoki hamshira bo‘lib ishlamaydi. Bu masalaga institut rahbariyati tomonidan ham aniqlik kiritildi. Ayolning o‘zi ham qaysi shifoxonaning qaysi bemorlari og‘ir ahvolda ekanligini aniq aytmagan. Bu tibbiyot xodimi qayerda ishlashi haqida surishtiruvlar olib boryapmiz.
Muhimi, koronavirusga chalingan bemorlar soni va ularning ahvoli haqida muntazam axborot berib kelyapmiz va ehtiroslarga berilgan holda aholi orasida sarosima chiqarishga hojat ham yo‘q, buning uchun javobgarlik ham belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, bu hozircha dastlabki xulosalar va aniq axborot, qo‘shimcha yangilik bo‘lishi bilan e’lon qilamiz.