Bir kecha-kunduzda 980 ta karantin qoidalarini buzish holati aniqlangan bo‘lsa, 328 tasini samarqandliklar sodir etgan
Ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzmoqda.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, o‘tgan 24 soat davomida karantin qoidalariga amal qilmagan jami – 980 ta holat aniqlangan bo‘lib, ulardan 328 tasi, ya’ni 33,4 foizi samarqandliklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bugungi vaziyatda barchamiz koronavirusga qarshi kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga qat’iy rioya qilish hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrashni asosiy vazifamiz, deb bilishimiz zarur.
Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.
Aziz samarqandliklar!
Sizlarni yana bir bor karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa, uyda qolishga chaqiramiz!
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.