Bir kishi qorda qolgan yuz kishini qutqardi
Pokistonlik Sulaymon Xon g‘ayritabiiy harakatlar bilan qor uyumida qolib ketgan 100 nafardan ziyod odamning hayotini saqlab qoldi va qahramon, deya e’lon qilindi.
Xabarlarga ko‘ra, kuchli qor yog‘ishi sabab Kvetta-Job shossesi berkitilgan. Natijada yuzlab mashinalar qor uyumlarida qolib ketgan. Odamlar og‘ir ob-havo sharoitida oziq-ovqat va qalin kiyimlarsiz nochor ahvolga tushib qolishgan.
Xon bir necha yo‘lovchini o‘z mashinasida xavfsiz joyga olib borib qo‘ygan. Bundan tashqari, u odamlarga o‘z uyidan joy berib, oziq-ovqat va yonilg‘i ulashgan.
Undan yordam ko‘rgan guvohlardan biri Xabib Ulla shunday hikoya qiladi: “Men Xonning qorli bo‘ronda 100 dan ziyod odamni qutqarganiga shohid bo‘ldim. Ularning ichida maktab yoshidagi kichkina qizcha ham bor edi”.
Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakatning tog‘li hududlarida yuz bergan qor ko‘chkilari va kuchli sovuq oqibatida 100 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan.
Sarvar Anvar o‘g‘li.