Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi
Uch kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi vaziyat muhokamalar markazida bo‘lmoqda.
To‘g‘ri, u yerda nima bo‘layotgani, hukumat va xalq munosabati Qozog‘iston va qozog‘istonliklarning ichki ishi, o‘zlari hal qilib olishadi. Lekin bundan ushbu davlatdagi ayrim kuchlar o‘z manfaati yo‘lida foydalandi. Odamlar ko‘chaga chaqirildi, ommaviy tartibsizliklar fonida talonchilik, odamlarning mulkiga, hatto joniga tahdid qilindi, begunoh insonlar hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Oddiy xalq ko‘nglida vahima uyg‘ondi, bolalar, ayollar qo‘rquv iskanjasida qoldi. Tadbirkorlarning biznesi rivojiga umidi yo‘qoldi. Investor mamlakatni tark etishni o‘ylay boshladi.
Keyingi voqealar Qozog‘iston davlati va xalqiga, hozircha shunday zarar keltirmoqda. Bu miting emas, bu bezorilik, talonchilik, xudkushlik bo‘ldi.
Qo‘shni mamlakatdagi noxush holatdan Markaziy Osiyo davlatlari va qardosh xalqlar ham tashvishga tushmoqda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan kecha bayonot berib, O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarini cheksiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ham qo‘shni davlatdagi harakatlarni qoralab munosabat bildirmoqda. Jumladan, kecha qirg‘izistonlik fuqaroning bunday tartibsizlar hech qachon davlat va xalq uchun foyda keltirmasligi haqida aytgan gaplari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
To‘g‘ri-da, keyingi yillarda Qirg‘izistonda ro‘y bergan bu kabi holatlar qirg‘iz xalqiga naf keltirmadi, aksincha, mamlakatdagi islohotlar jarayonini ortga surdi. Qozog‘istonlik birodarlarimiz ham bundan xulosa qilsalar yaxshi bo‘lardi. Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi, deb bejiz aytilmagan, axir.