Bir oyda 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirilgan
Bu haqda Prezident rahbarligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektorda aytildi.
Yig‘ilishda qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishini yaxshi yo‘lga qo‘yishga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun, ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Misol uchun, o‘tgan 6 oyda bilim va ko‘nikmalari yetishmagani bois, 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirildi.
Umuman, mas’ul lavozimlarda o‘tirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, so‘nggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun tayyorlandi.
Yig‘ilishda ushbu Qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Birinchi yo‘nalish – davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi.
So‘rovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari (yoki 38 foizi) davlat tizimiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim, degan fikrni bildirgan.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha:
- barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;
- bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi;
- ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.
Ushbu tizim tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimi va DSQ raisi yangi tizim orqali qanday natijalarga erishgani haqida axborot berdi. Ularning hisobotini tinglab, davlatimiz rahbari yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha idoralarda joriy qilish topshirig‘ini berdi.
Buning uchun, ikki oy muddatda oliygohlar diplomlari va mehnat daftarchalarini mavjud elektron bazaga to‘liq kiritib, uni Tanlov elektron platformasiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.
Yil yakuniga qadar 4 mingta bo‘sh lavozimga tanlov o‘tkazish topshirildi.
“Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarur.
Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun har bir vazir va viloyat hokimi bir oy muddatda Yosh mutaxassislarni tanlash dasturini e’lon qiladi.
Dastur doirasida oliygohlarning bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Bunda, nafaqat o‘zimizdagi oliygoh talabalari, balki nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlarimiz ham qamrab olinadi”, dedi Prezident.