Bir qator nashriyotlar xususiylashtiriladi, ayrimlari tugatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 martda qabul qilingan “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “O‘qituvchi matbaa uyi” davlat korxonalarini o‘rnatilgan tartibda xususiylashtirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

“Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonasi esa samarali foydalanish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tadi.

“O‘qituvchi ilmiy-metodik nashriyot markazi” davlat korxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hududiy bo‘linmalari tizimidagi (Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari) nashriyotlar faoliyati tugatildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimida “Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti” davlat korxonalarini qo‘shib olingan holda “O‘zbekiston nashriyoti” davlat korxonasi tashkil etiladi.

“O‘zbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasining noshirlik bazasi, shu jumladan, intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan mutlaq huquqlari mazkur davlat korxonasiga o‘tkaziladi.