Bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadimi?

Savolga Past Darg‘om tumani 2-FHDYo bo‘limi mudirasi Yulduzxon Xolbekova javob beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaxs o‘rtasidagi to‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, ya’ni tug‘ilish soni bilan belgilanadi.

Bolalar ota-onasiga nisbatan to‘g‘ri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan — uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi.

Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi. To‘g‘ri, shajara bo‘yicha qarindoshlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir.

Ikki shaxs o‘rtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaxslardan birining o‘zini hisobga qo‘shmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi. Hisob ajdodlar tomon to‘g‘ri shajara bo‘yicha ular uchun umumiy bo‘lgan shaxsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon — ulardan boshqasiga qarab olib boriladi. Tug‘ishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, tog‘a va amaki, amma va xola o‘z jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — to‘rtinchi darajasida turadilar.

Shuningdek, kodeksning 58-moddasida yot aralashmagan va yot aralashgan qarindoshlik masalasiga ham alohida izoh berilgan. Ya’ni, aka-uka va opa-singillar yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh bo‘lishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan bo‘lsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa bo‘lsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tug‘ishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa, aka-uka va opa-singillar o‘gay hisoblanadi. Xususan, er-xotinning ilgarigi  nikohlaridan bo‘lgan bolalari o‘zaro qarindosh hisoblanmaydi.

Bizni kuzatishda davom eting. Keyingi safar bolaning nasl-nasabini belgilash borasida mutaxassis izohi bilan tanishasiz.

DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati.