Birinchi sinfga qabul muammosi hal bo‘ladimi?

Bu muammo yechimiga aniqlik kiritildi, nizomlar o‘zgartirildi, maktablar hududi qat’iy belgilandi, direktorlar mas’uliyati oshirildi. Hatto mazkur masala xalq deputatlari viloyat Kengashida ham muhokama etildi. Ammo...

Bolasi yoki nevarasini nufuzli maktabga joylashtirishda yordam so‘rovchi iltimoschilar kamaygan emas. Qizig‘i, ularning aksariyati obro‘li yoki lavozimli, davlatmand kishilar. Ular poytaxtdagi “katta”larni ishga solishdan ham tortinmayaptilar. Xo‘sh, shuncha tanqid, talab va ta’qiqlardan keyin ham ayrimlar nega bunday yo‘l tutyapti?

- Katta qizim uch yildan beri Samarqand shahridagi 35-maktabda o‘qiydi, - deydi toyloqlik tanishim. – Ukasini ham shu yerga qo‘ymoqchiman, bir-birini qo‘llab yuradi.

Samarqand, Past Darg‘om, Oqdaryo, Jomboy va  Toyloq tumanidan ko‘plab ota-onalar ana shu tashvish bilan yuribdi. Chunki joriy o‘quv yilida maktab hududi qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, oldindan chetdan kelib o‘qiyotganlar bo‘yicha aniq xulosaga kelingan emas.

Soha mutasaddilari bu masala erta yoki indin ko‘ndalang qo‘yilishini tan olgilari kelmayapti.

- Oldingilar ham qalbaki hujjat to‘g‘rilashgan, - deydi muallimlardan biri. – Farzandi yoki nevarasini nufuzli maktab atrofida yashovchi tanishinikiga “propiska” qilishgan. Hozir ham bunday hujjatlarni o‘rganib ko‘rish zarur. Negaki, farzandini “bir amallab” shahar maktabiga qo‘yganlar bu haqda davralarda maqtanib yurishibdi.

Nima ham deymiz: ota-onalarga, dimog‘i baland bobolarga insof, maktab direktorlariga sabr bersin...

Farmon Toshev.