"Biz bu dahshatni to‘xtatishimiz kerak": NATOning to‘rtta davlati prezidentlari Ukrainaga kelishdi
Polsha, Estoniya, Litva va Latviya prezidentlari Kiyevga tashrif bilan keldi va u yerda Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ularga Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer qo‘shilishi kerak edi, ammo uning kelishiga ro‘yxushlik bo‘lmadi.
Bungacha NATOning 4 ta davlati rahbarlari Borodyankaga tashrif buyurishgan. Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, u yerda vaziyat Buchadagidan ham yomonroq bo‘lishi mumkin.
Litva prezidenti Gitanas Nauseda ko‘rganlarini sharhlar ekan, “Rossiya armiyasi tomonidan sodir etilgan shafqatsiz harbiy jinoyatlar jazosiz qolmasligini” aytdi.
«Butun oilalar o‘ldirilsa va joyida ko‘milsa, go‘daklar zo‘rlansa va bunday vahshiylik nafrat bilan namoyish etilsa... Tarixda bunga qiyosni topish qiyin. Bu vahshiyliklar odamlar tomonidan emas, qandaydir tabiat xatosi bo‘lgan mavjudotlar tomonidan qilingandek.
Shuning uchun biz bu dahshatli urushni to‘xtatishimiz kerak», dedi Litva Prezident Gitanas Nauseda.
YeXHT (Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) topshirig‘i bilan chorshanba kuni e’lon qilingan hisobotda “rus qo‘shinlarining jangovar harakatlarni amalga oshirishdagi buzilishlarining aniq namunalari” haqida so‘z boradi.
Shu bilan birga, hujjatda Ukraina tomonidan ham qonunbuzarliklar bo‘lganligi ko‘rsatilgan, biroq Rossiya tomonidan sodir etilganlari “miqyosi va xarakteri jihatidan ancha kengroq” degan xulosaga kelingan.
AP agentligining xabar berishicha, hisobot Ukraina tomonidan tanlangan ekspertlar tomonidan tuzilgan.