Biz ko‘nikkan xato odatlar

Go‘dak avvaliga so‘rg‘ichni ham olmadi, ammo shirin ta’mni sezdi chog‘i, tamshanib qo‘ydi. Yosh kelin so‘rg‘ichni yana shakarli choyga botirib berdi. Ertalab bu haqda qaynonasiga aytgandi, u ham "Sutingiz kam-da, qizim, aytaman-ku, novvotli choydan tez-tez ichib turing. Bola och qolib yig‘lagan", deb nasihat berdi. Kelinchak shundan so‘ng istasa-istamasa, novvotli choydan tinmay ichadigan bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tib esa bolaning badanida qizil toshmalar toshdi. Kayvonilar bunga ham oddiygina izoh berib qo‘ya qolishdi: "Ha, bu chillaniki, issiqlik bo‘lishi ham mumkin".

Go‘dak ulg‘aytirgan yoki chaqaloq bor oilalarda uchrab turadigan oddiy hodisa bu. Bunga shunchalik ko‘nikib ketganmizki, uning salomatlik uchun foyda yo ziyoni haqida aslo o‘ylab ko‘rmaymiz. Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri, umuman, go‘dak parvarishi, emizikli ayolning ovqatlanishida biz ko‘nikib qolgan, ammo sog‘lom ovqatlanish talablariga mutlaqo zid bo‘lgan holatlar nimalardan iborat va to‘g‘ri ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak? Bu haqda tibbiyot fanlari doktori, professor, respublika bolalar gastroenterologlari va nutritsiologlari jamoa birlashmasi viloyat bo‘limi rahbari Saydulla RASULOV bilan suhbatlashdik. 

– Afsuski, juda ko‘p yosh onalar shakarli choyga so‘rg‘ichni botirib, bolasiga beradi, o‘zlari ham doimiy ravishda novvotli choy ichish lozim, deb hisoblaydilar, – deydi S.Rasulov. – Bu eng noto‘g‘ri tushuncha. Bola organizmi hali go‘daklik chog‘ida, ya’ni olti oylikkacha shakarni hazm qila olmaydi. Tabiiyki, hazm qilinmagan element ichaklarda to‘planib qolib, funksional buzilishlarga olib keladi. Bolaning qorni damlaydi. Qolaversa, shakar bolada allergiya chaqiradi. 
– Bola zarur elementlarni ona sutidan olardi. Ammo ona shirinlik iste’mol qilish kerak-ku. Bu ehtiyojni qanday qondirishi kerak?
–  Ayol emizikli paytida iloji boricha tabiiy ne’matlardan iste’mol qilgani ma’qul. Shirinlik o‘rniga mayiz, shinni iste’mol qilishi mumkin. Ham foydali, ham zararsiz.
– Emizikli payti meva iste’mol qilish bolaning hazm organlariga zarar, deyishadi.

– Bu ham "Novvotli choy ona sutini ko‘paytiradi", kabi noto‘g‘ri qarashlardan biri. Ona meva yesa, bolaning ichi ketadi, deyishadi. Unday emas, bolaning ichi yumshaydi. To‘g‘ri, bu bilan emizikli ona istaganicha, har qanday mevani iste’mol qilishi mumkin, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Olma, uzum iste’mol qilishning emizikli ona uchun hech qanday ziyoni yo‘q. 
– Umuman, bugun onalarning ovqatlanish borasidagi saviyasi qay darajada, ular nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim?
– Yaqinda tibbiyot xodimlari tomonidan viloyatimizning Qo‘shrabot, Jomboy, Urgut, Bulung‘ur, Oqdaryo tumanlari hamda Samarqand shahrida yashovchi 100 nafar onalar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish borasida so‘rov o‘tkazildi.    

Anketa so‘rovnomalari asosan, onalar va go‘daklarda mikronutriyentlar yetishmovchiligiga olib keluvchi sabablar, ularning belgilarini aniqlashga qaratilgan.
Tekshiruv natijasida onalarning aksariyat qismi makro va mikronutriyentlarning asosiy tabiiy manbai hisoblangan go‘sht (57 foizi), sut (49 foizi),  dukkakli mahsulotlardan tayyorlangan ne’matlarni va baliqni (56 foizi),  ko‘katlarni (63 foizi), meva va meva sharbatlarini, quritilgan mevalarni (56-66 foizi) me’yoridan ancha kam iste’mol qilishi aniqlandi. Aksincha, ularning 87 foizi har xil shirinliklar,  alohida hududlarda esa barcha onalar choyni muntazam iste’mol qilishadi.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, bolalarni tarbiyalaydigan onalarning yarmidan ko‘pchiligi to‘g‘ri ovqatlanish borasida yetarlicha bilimga ega emas va noto‘g‘ri ovqatlanar ekan. Sog‘lom turmush tarzi noratsional ovqatlanish, ovqatlanish tartibiga va me’yoriga amal qilmaslik oxir-oqibat onalarda mikronutriyentlar tanqisligiga va turli xil kasalliklarga olib kelishi mumkin.    

Buning isbotini quyidagi dalillarda ko‘rish mumkin: surishtiruv natijasida onalarning 77-91 foizi  kamqonlikka, 25-45 foizi homila tushish xavfiga, 67-90 foizi homiladorlik toksikozlari, 33-45 foizi homiladorlik davrida shamollash kasalliklariga chalinishlari aniqlandi. Surunkali kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichi ham yuqori: 19-36 foizida piyelonefrit, xoletsistit, gastrit, buqoq va boshqa surunkali kasalliklar mavjudligi, 42-50 foizida  homiladorlik davrida turli dori-darmonlarni qabul qilganlik holatlari  qayd qilindi.     

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, tekshiruv o‘tkazilgan onalarning  62 foizi, ayrim hududlarda 90 foizi bola parvarishi bo‘yicha yetarli bilim va  tajribaga ega emas. Ayniqsa, bizning milliy urf-odatlarimizga ko‘ra, qishloqda yashovchi onalarning yoshi 18-25 ni tashkil qiladi, ularning ko‘pchiligi yaqinda maktabni yoki kollejni tugatib, turmush qurgan. Lekin ular bola tarbiyasiga tayyormi? Bolani ovqatlantirish qoidalarini biladimi? Bolani kasallikdan asrashda chiniqtirish nima ekanligini tushunadimi? Beshikda bolani qanday tarbiyalash lozimligi haqida bilimga egami?  Shu kabi savollar hozirgi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. 
– Xo‘sh, homilador va emizikli onalar nimalar iste’mol qilishi kerak? Ularning ovqatlanish tartibi qanday bo‘lishi zarur?
– Bu savolni avvalo, har bir ona o‘ziga berishi lozim. Ya’ni, u shu savolga javob izlay boshlasa, demak, sog‘lig‘i, farzandining sog‘lom tug‘ilishi uchun qayg‘urayotgan bo‘ladi. Homilador va emizikli ayollar bir kunda 500-600 gramm sut va sut mahsulotlari, 100 gramm go‘sht va baliq, 600-700 gramm sabzavot (sabzi, lavlagi, karam, qovoq, kartoshka, ko‘katlar), 200-300 gramm sharbat, 100 gramm dukkakli va don mahsulotlari (grechka, perlovka, loviya va hokazo) iste’mol qilishi kerak. 
– Bola parvarishida ham onalarning xatolari ko‘p, dedingiz.

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bola olti oylikkacha faqat ona suti bilan oziqlanishi lozim. Olti oylikdan so‘ng unga qo‘shimcha ozuqalar berish mumkin. Bu davrda unga sulili, guruchli bo‘tqa tayyorlab berish mumkin. Bolaning sog‘lom o‘sishida uni chiniqtirish ham muhim. Chiniqtirishning beshta muhim qoidasi bor. Suv bilan chiniqtirishda bolani har kuni cho‘miltirish kerak. Go‘dakni kuniga kamida bir marotaba toza havoga olib chiqish lozim. Aksariyat onalar, ayniqsa, qish oylarida bolani umuman tashqariga olib chiqmaydi. Quyosh bilan chiniqtirishda bolani quyoshli joyda 5-10 daqiqa olib yurish tavsiya etiladi. Uqalash jarayoni beshikda yotgan bolalar uchun juda muhim. Va nihoyat beshinchisi jismoniy harakatlar. Bolaga shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra, o‘z vaqtida yengil harakatlar qildirish lozim. 

Gulruh MO‘MINOVA
suhbatlashdi.