Biznes-ombudsman tadbirkorlarga davlat idoralaridan 1,5 milliard so‘m undirib berdi
Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat "Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish" unitar korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan belgilangan ishlarni bajargan bo‘lsa-da, korxona bu ishlar evaziga xizmat haqini o‘z vaqtida to‘lab bermagan. Shu sababli MChJ rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman)ga murojaat qildi.
Mazkur murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha tadbirkor manfaatini ko‘zlab Samarqand shahri iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi va sud qarori asosida "Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish" unitar korxonasidan MChJ foydasiga 99,8 million so‘m asosiy qarz bilan birgalikda 19,9 million so‘m miqdorida penya undirib berildi.
Umuman, joriy yilning 9 oyi mobaynida tadbirkorlik sub’yektlaridan 480 ta murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarning 434 tasi mazmunan ko‘rib chiqilib, 240 tasi qanoatlantirildi, 194 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Murojaatlarning asosiy qismi yer, kadastr, arxitektura, infratuzilma, soliq, bank, moliya, kredit, sud va boshqa organlar qarorlarining ijrosi, bojxona, tekshiruvlar va surishtiruv-tergov masalalari bilan bog‘liq bo‘ldi. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan vajlarni atroflicha tahlil qilish va imkon qadar qanoatlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, Urgut tumanida faoliyat yurituvchi «Yulduz» (nomi o‘zgartirilgan) MChJdan 144,3 million so‘m ortiqcha soliq undirilgan. Tadbirkorning ushbu mablag‘ni qaytarish yuzasidan soliq idoralariga murojaatlari e’tiborsiz qolgach, bizga murojaat qildi. Masala belgilangan tartibda o‘rganilib, ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarish yuzasidan Soliq qo‘mitasiga Biznes-ombudsman xulosasi kiritildi. Natijada tegishli summa tadbirkorlik sub’yektiga qaytarilishi ta’minlandi.
Qonunchilikka muvofiq, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan, sudlarga arizalar, da’volar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi berilgan. Ana shu tartib asosida, viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida sudlarga 7 ta da’vo arizasi kiritilib, sud qarorlari asosida davlat idoralaridan tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda uning devoni xodimlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 9 ta moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. Shunga ko‘ra, davlat idoralarida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar, shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha yil boshidan buyon tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini buzgan 70 nafar shaxsni ma’muriy javobgarlikka tortish haqida qarorlar qabul qilindi. Davlat idoralarida faoliyat yurituvchi 108 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan rasmiylashtirilgan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborildi.
Masalan, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishning belgilangan tartibi va muddatini buzganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi xodimi F.Sh.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2415-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan F.Sh.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining olti baravari miqdorida ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi. Umuman, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilgan davlat idoralari xodimlariga nisbatan jami 289 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar tayinlandi.
Amaliyotda tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘lari olib qo‘yish yoki ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari mavjud bo‘lsa-da, qonunchilikda ushbu harakatlarni sodir qilgan shaxslarning javobgarlik masalasi ochiq qolgan edi. Ushbu masala yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan takliflarga asosan, shu yilning 10 may kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan 2419-moddaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan 1921-2-moddaga ko‘ra, shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Bu ham tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jasur TURSUNOV,
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining yetakchi inspektori.