BMT havo ifloslanishi va koronavirus o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ma’lum qildi

Havoning kuchli ifloslanishi koronavirus oqibatida o‘limlar sonining ortishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda BMTning epidemiyaning yirik shaharlar hayotiga ta’siri to‘g‘risidagi bayonotida ma’lum qilindi.

Bayonotda ma’lum qilinishicha, koronavirus oqibatida kuzatilayotgan yuqori o‘lim darajasi havoning ifloslanishiga bog‘liq. Shu bilan birga, pandemiya davrida havo nisbatan tozalanganligi va issiqxona gazlari kamayganligi ham ta’kidlangan. BMT mutaxassislari tabiiy muhitni himoya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmasa, havoning vaqtinchalik tozalangani yordam bermasligi va koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

O‘z navbatida, BMT Bosh kotibi barchani “yashil siyosat” olib borishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida ko‘plab shaharlarda piyodalar yo‘lakchalari va velosiped yo‘llari kengaytirilgan. Bu esa havo sifatini yaxshilashga va harakat xavfsizligini ta’minlashga o‘lkan yordam bergan.