BMTga a’zo 53 davlat Belarus hukumati xatti-harakatlarini tanqid qildi
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Ukraina, Estoniya kabi davlatlar joy olgan 50 dan ortiq davlat Belarus hukumatining namoyishchilarga qarshi qo‘llayotgan harakatlarini tanqid qildi. Bu haqda 27 oktyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
BMT Bosh Assambleyasining ijtimoiy va gumanitar muammolar bilan shug‘ullanuvchi uchinchi qo‘mitasi yig‘ilishida 53 davlat nomidan Estoniyaning mazkur tashkilotdagi doimiy vakili Sven Yurgenson bayonot berdi.
“Biz Belarus hukumati tomonidan tinch namoyishchilarga nisbatan, shu jumladan, mashhur sportchilar, jurnalistlar va OAV sohasida faoliyat olib borayotgan boshqa shaxslarga hamda muxolifatchilarga nisbatan davom ettirilayotgan repressiyalarni jiddiy tanqid qilamiz”, deb ta’kidladi Yurgenson.
Bayonotda “minglab aybsiz odamlar hibsga olingani, yuzlab odamlar kasalxonaga yotqizilgani va bir nechta o‘lim holatlari qayd etilgani” haqida to‘xtalib o‘tildi.
Baynot mualliflari Belarus hukumatini “da’vo qilinayotgan milliy xavfsizlikdan odamlarning talablarini rad etish uchun bahona sifatida foydalanmaslikka, xalqning asosiy erkinliklari, shu jumladan, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar huquqidan mahrum qilmaslikka” chaqirdi.
Bundan tashqari, bayonotda “saylovlardan so‘ng 500 dan ortiq qiynoqqa solish va boshqa zo‘ravonliklar, jumladan, jinsiy zo‘rlash” holatlari haqida alohida ta’kidlandi.