Bo‘ldi ajab hangomalar: “Mahalla” jamg‘armasining soliqdan qarzini XDP to‘lashi kerakmi?

2021 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi davlat soliq xizmati organlarining ma’lumotlar bazasida QQS guvohnomasining holati nofaol tizimga o‘tib qolgan.
Buning sababini bilish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasiga murojaat qilinganda, viloyat adliya boshqarmasining 2021 yil 25 oktyabrdagi buyrug‘i bilan faoliyati tugatilgan “Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi”ning soliqdan qarzdorligi borligini ma’lum qilishgan.
Nima uchun bir tashkilot uchun boshqa tashkilot nofaol tizimga o‘tib qolishi kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Gap shundaki, ayni paytda Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashiga rahbarlik qilayotgan B.Nasriyev 2018-2019 yillarda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi raisi bo‘lgan va o‘sha paytda kengashning soliq organlarida hujjatlarida uning STIR raqami qayd etilgan. Partiyaning, demakki, B.Nasriyevning “aybi” shu – STIR raqamida.
Yana bir e’tiborli tomoni, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasining 2021 yil 30 apreldagi ma’lumotnomasida Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasidan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi”ning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzi yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Ushbu masala yuzasidan XDP viloyat kengashi rahbariyati soliq organlariga bir necha marta murojaat qilgan. Ammo, javob bir xil – qarzingizni to‘lab qo‘ying!
Savollar tug‘iladi – tashkilot tugatilayotganda uning soliq va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, keyin xulosa berilmaydimi? Yoki o‘sha tashkilotning huquq va majburiyatlari bo‘yicha merosxo‘ri bu vazifalarni bajarmaydimi? Tashkilot rahbari boshqa joyga ishga o‘tganda eski ish joyida qayd etilgan STIR raqami almashtirilmaydimi?