Bobur Bekmurodov: “Adolatsiz jarimalar bekor qilinishi kerak”

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda chorrahalar oldiga noto‘g‘ri joylashtirilgan mashinalar tufayli haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini buzishga majbur bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini tezkorlik bilan bir qator choralarni ko‘rishga chaqirdi:

“Mazkur tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha sub’yektlarning so‘nggi haftalardagi qaydnomalarini taftish qilish va huquqiy baho berish choralarini ko‘rish, taftish natijasida noinsof tadbirkorlik yo‘li bilan undirilgan jarimalar aniqlangan taqdirda, ularni bekor qilish va haydovchilarga to‘lovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish kerak.

Tadbirkorlik sub’yektlarining nazorat-kameralari orqali qayd qilinayotgan jarimalarni nazorat tartibida doimiy tekshirish amaliyotini joriy qilish, fuqarolarning adolatsiz jarimalar ustidan shikoyat qilishdagi ovoragarchilikdan asrash maqsadida, qaydnomalarga onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish lozim.

Bundan tashqari, barcha lokatsiyalardagi radar o‘rnatilgani to‘g‘risidagi belgilar yonida cheklangan tezlikni aks ettiruvchi belgilarni o‘rnatishni majburiy qilish kerak. 

Shuningdek, bu boradagi faoliyat yuzasidan jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

O‘z o‘rnida, piyodalar va yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, fuqarolarimizni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishlarini so‘raymiz”.