Bog‘bon davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Prezident farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Samarqand obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi Suhrob Jo‘rayev ham bor.
“Shuhrat” medali bilan taqdirlangan Suhrob aka qator yillardan buyon Samarqand shahrining Registon majmuasi yaqinida joylashgan Islom Karimov maydonida bog‘bon bo‘lib ishlab keladi.
- Har kuni erta tongda, hali odamlar uyqudalik paytidayoq Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali poyiga kelib, duo qilaman, so‘ngra ishga tushaman, - deydi “Shuhrat ”medali sohibi. – Brigadamiz a’zolari bilan atrofni chiqindi va barg-xazonlardan tozalaymiz. O‘rindiqlarni artib, daraxt va gullarga suv quyamiz. Yo‘laklar atrofini har xil chiqindilardan tozalab, so‘ligan gul ko‘chatlari o‘rniga go‘zallik va ko‘rkamlik baxsh etuvchi gullar ekamiz. Kuzda qovjiragan xazonlardan, qishda esa qordan tozalaymiz. Chunki har kuni bu yerga kelib mehnat qilishga o‘rganib qolganmiz.
Agar Islom Karimov nomli maydondan o‘tgan bo‘lsangiz, ularning mehnatiga albatta ko‘zingiz tushadi. Rang-barang gullar barq urib, daraxtlar yashnab turibdi. O‘rindiqlarda shahrimiz mehmonlari va sayyohlar dam olib o‘tiribdi. Atrof toza va ozoda, saranjom-sarishta.
- Bu mukofotni nafaqat menga, balki kecha-kunduz xalq xizmatini qilayotgan, shahrimiz ozodaligini ta’minlab kelayotgan barcha tozalik posbonlariga berilgan mukofot deb bilaman, -deydi Suhrob Jo‘rayev. – Sariq nimcha kiygan, ko‘cha va bog‘larni saranjom-sarishta qilayotgan orastalik posbonlarining ishi oson emas. Chunki ular barakali tongni o‘zlariga biriktirilgan hududlarda kutib olishadi. Atrof-muhit va ekologiyani saqlashadi.
O‘ttiz yildan buyon obodonlashtirish boshqarmasida ishlab kelayotgan S.Jo‘rayev ilk mehnat faoliyatini 1994 yilda boshlagan. Sohada uzoq yillar fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan qahramonimiz 2014 yilda viloyat hokimining faxriy yorlig‘i bilan, 2022 yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Bir necha yil oldin obodonlashtirish xodimlariga past nazar bilan qarab kelishgan. Maoshlari kam, maxsus-kiyim bosh va ish qurollari yetishmasdi. Qishin-yozin tinim bilmay ishlab ham yetarlicha qadr topmagan. Bugun esa shahar tozaligini saqlab kelayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari mehnati munosib qadrlanmoqda. Ular ko‘zga ko‘rinmas mehnati bilan elda obro‘-e’tibor topmoqda.
Saranjomlik yo‘q joyda fayz bo‘lmaydi, deydi xalqimiz. Buni nafaqat Suhrob Jo‘rayev, balki shu sohada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar ham yaxshi bilishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.