Bojxona auditini o‘tkazish tartibi belgilandi. U tadbirkorga qanday imtiyoz beradi?
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevral kuni “Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bojxona auditini o‘tkazishga oid Hizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom 2021 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kiradi.
“Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom" bilan davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan so‘ng bojxona auditini o‘tkazish, bojxona auditi tamoyillari va usullari, audit ob’yektlarini tanlash usullari va mexanizmi, bojxona auditini o‘tkazishdan avval tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisini xabardor qilish, bojxona auditini o‘tkazishdan avval mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini belgilash, bojxona auditi natijalaridan kelib chiqib, qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlari aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish tartiblari tasdiqlandi.
Shuningdek, mazkur nizomda bojxona auditini o‘tkazish shakllari va ularning xususiyatlari batafsil tushuntirilib, bojxona organi mansabdor shaxslarining, bojxona auditidan o‘tkaziladigan vakolatli shaxslarning huquq va majburiyatlari hamda bojxona auditidan o‘tkaziladigan vakolatli shaxslar Davlat bojxona qo‘mitasining “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tanlanishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu nizom bilan, bojxona auditi - tovarlar chiqarishga ruxsat berilgandan so‘ng bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini vakolatli shaxslar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida taqdim etilgan hujjatlarni moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq hujjatlarda aks ettirilgan ma’lumotlar bilan solishtirgan holda o‘rganish va tekshirishga asoslangan bojxona nazorati shakli ekanligi qayd etilgan.
Bojxona auditi o‘tkazish tartibi joriy etilishi orqali quyidagi natijalarga erishiladi:
- bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq tartib-qoidalar bo‘yicha ichki normativ-huquqiy hujjatlar shartlari xalqaro standartlardagi talablarga uyg‘unlashadi;
- halol tashqi savdo sub’yektlariga nisbatan yanada soddalashtirilgan bojxona tartibotlarini samarali qo‘llash orqali tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish vaqti va xarajatlarini qisqarishiga erishiladi;
- halol tashqi savdo sub’yektlarini yanada rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berilish mezonlariga aniqlik kiritishga ko‘maklashadi;
- TIF ishtirokchilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni o‘zlari mustaqil aniqlashga olib kelib, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.