Bolaga telefon bermang!

Avtobusda ketayotib, chamasi 2-3 yoshli bolaning tinmasdan yig‘lab, o‘jarlik qilayotganiga guvoh bo‘ldim. Onasi shirinlik va o‘yinchoqlar berib uni ovutmoqchi bo‘lar, ammo bola ko‘nmasdi.

Shu payt bola yonidagi odamning telefoniga talpingandek bo‘ldi. U kishi go‘dakning nima istayotganini tushundi va telefonni uzatdi. Qiziq, bola darrov tinchlandi. Manziliga yaqinlashgan telefon egasi bolani ovunchog‘idan ayirishga majbur bo‘ldi.

Bolakay yana xarxasha qilar, atrofdagilar esa bezovtalanardi. Shu yerda turgan bir qiz uni nima ovutishi mumkinligini bilib, telefonini berdi. U yana jim bo‘ldi. Telefon ekrani ustida barmoqlarini kattalardek harakatlantirib, suratlar papkasiga kirdi va tomosha qila boshladi. Hali harf tanimaydi, kitob o‘qishni bilmaydi, lekin telefonni "tushunadi".

- Qulflab bermadingizda, - dedi bolaning onasi xijolat bo‘lgandek.

- Hech qisi yo‘q, jim ketsa bo‘lgani, - deb kulib qo‘ydi qiz.

- Uyda nuqul dadasining telefoni bilan o‘ynaydi-da, - dedi ayol. – O‘zim ishlatmayman, lekin bu bola shunga o‘rganib qolgan.

Bolalar telefonga o‘z-o‘zidan o‘rganib qolmayotgandir, biz, kattalar o‘rgatib qo‘ymayapmizmikan?

Dilnoza Qurbonova.