Bolalarni bog‘chalarga qamrab olishning imkoniyatlaridan qanday foydalanilyapti?
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 696 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda 233 ta MTT ta’mirtalab holatda bo‘lib, shundan 168 tasi rekonstruksiya qilishga va 65 tasi mukammal ta’mirlashga muhtoj.
Viloyat matbuot uyida jurnalist va blogerlar uchun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.
- 2021 yilgi investitsiya dasturi bo‘yicha 16 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini qurib foydalanishga topshirish belgilangan va 58,0 mlrd. so‘mga qurilish ishlarini bajarish uchun shartnomalar imzolangan, - dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayev. - Bundan tashqari, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida viloyat bo‘yicha 1285 o‘ringa mo‘ljallangan 15 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini yangi qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Mazkur ob’yektlarning shartnoma qiymati 23,5 mlrd. so‘mlik bo‘lib, ularda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 6-7 yoshli bolalarni boshlang‘ich ta’limga tayyorlash uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan “Ilm yo‘li” bolalarni rivojlantirish, o‘qitish va maktabga tayyorlash bo‘yicha variativ dastur asosida o‘quv tarbiyaviy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qo‘shimcha 233 ta guruhga 7 ming nafar 6 yoshli bolalar qamrab olinib, ularning qamrovi 80 foizdan 90 foizgacha yetkazish kutilmoqda. Mazkur tashkil etiladigan guruhlar asosan bog‘cha mavjud bo‘lmagan hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yil oxirigacha 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasiga shu yil jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 1260 ta murojaat kelib tushgani ham aytildi. Murojaatlarning tegishliligi bo‘yicha qanoatlantirilgan, mualliflarga tushuntirish berilgan yoki rad etilgan holatlar ham bo‘lgan. Ayni paytda o‘rganilayotgan murojaatlar ham bor.