Bolalarni sevmoq – saodat

Azamat Muhiddinovichni nafaqat viloyatimizda, balki respublikaning aksariyat mintaqalarida, hatto ayrim xorij davlatlarida ham bolalar xirurgiyasining bilimdon, jonkuyar va mohir shifokori sifatida yaxshi bilishadi. Chunki u bu sohada eng nozik operatsiyalarni O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirgan jasoratli vrachlardan biri.

Tajribali olim 1985 yildan buyon Samarqand davlat tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasini boshqarib keladi. 1990 yilda domlaning tashabbusi, yelib-yugurishi tufayli Samarqandda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan bolalar xirurgiyasi ilmiy-o‘quv birlashmasi ochildi. Birlashma mintaqadagi beshta viloyat ahli va shifokorlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Torakal, kardio, urologiya va chaqaloqlar bo‘limlaridagi yuksak texnologiyali murakkab operatsiyalar haligacha professor A.Shamsiyev rahbarligida bajariladi.

Bu borada ustoz novator olim sifatida ham e’tirof etilgan. U 1991 yilda Samarqandda birinchi bo‘lib yosh bolalarda tug‘ma yurak poroklari operatsiyasini amalga oshirgan. Urologiya va abdominal xirurgiyada endoskopik diagnostika va davolash usullarini joriy etdi. Bu yerda ham har yili 500 tagacha murakkab operatsiyalar amalga oshiriladi. Darvoqe, markazda yaratilgan 50 dan ortiq ixtiro va 44 ta ratsionalizatorlik takliflari respublika va MDH davlatlari tibbiyoti amaliyotida keng qo‘llanilmoqda. Bevosita domlaning rahbarligida markazda Vazirlar Mahkamasi buyurtmasiga ko‘ra 8 ta amaliy va bitta innovatsion loyiha bajarilgan.

Azamat Muhiddinovich doimo hamkasblariga tartib-intizomda, vaqtdan unumli foydalanishda, har bir ishga ilmiy, oqilona yondashishda, berilgan va’daning uddasidan chiqishga ibrat bo‘ladi. Shu sababli SamDTIga rektorligi (2004-2020 y.) davrida zamon talabiga ko‘ra asosiy e’tiborni o‘quv jarayonini takomillashtirish, talabalar o‘qish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratdi. 6 ta yangi fakultet ochilishi barobarida zamonaviy axborot texnologiyalari markazi ishga tushirildi, o‘quv jarayoni to‘liq elektron ta’lim tizimiga o‘tdi.

2013 yilda mamlakatda ilk bor ta’limning xalqaro standart asosida kredit-modul tizimi qo‘llanildi. Mingdan ortiq kompyuter internet tarmog‘iga ulandi. 1,5 millionga yaqin testlar ishlab chiqildi. Boshlanishida bu usulni yoqlamay turganlar endilikda kredit-modul tizimi mamlakat bo‘ylab joriy etilayotganini ko‘rib turibdi.

Rektor tashabbusi bilan talabalar bilimini baholash mezoni ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlandi, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, axborot-resurs markazi 25 mingdan ziyod yangi avlod adabiyotlari bilan boyitildi, 15 mingdan ortiq o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari yaratildi, 60 ga yaqin nufuzli xorijiy tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik memorandumlari tuzildi. Ayni paytda institutda xorijlik talabalarning tahsil olishi ham oliy o‘quv yurti nufuzini belgilab turibdi.

Professor A.Shamsiyev SamDTIning 800 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi qurilishida ham tashabbuskor bo‘ldi. Bu inshoot yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Domla ulug‘ yoshida ham qizg‘in ilmiy izlanishda. Dunyodagi ko‘plab jarrohlik jamiyatlarining, ilmiy jurnallarning tahrir hay’ati va ilmiy kengashlar a’zosi, «Doktor axborotnomasi» jurnali bosh muharriri, MDH miqyosida V.Nemsadze nomidagi mukofot, 2-darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibi A.Shamsiyev hamkasblari, shogirdlari davrasida mehnat faoliyatini qizg‘in davom ettirmoqda.

Yaxshinor ALLAYoROV,

Tursunpo‘lat ShOMURODOV.

Abdurauf  ISHOQOV.