Bolalarni zaharlash rejasini kim tuzgan edi? Bosh prokuratura aniqlik kiritdi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda ikki ayolning bog‘cha bolalarini zaharlash uchun reja tuzayotganliklari aks etgan audioyozuv tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Bosh prokuratura ma’lumot taqdim etdi.

Bekobod tumani prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, 2019 yil 20 dekabr kuni fuqaro S.Karimqulova tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. Arizasida 2019 yilning 16-17 dekabr kunlari jiyani Nargiza orqali Sultonova Feruza bilan tanishganini, u bilan jiyani Nargiza ishga qanday tiklash yuzasidan maslahat so‘raganini, unga 6-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Dilfuza va tuman MTM bo‘limi boshlig‘i Mixliyeva Nilufarda adovati borligini bayon qilgan.

Shuningdek, o‘z arizasida Nilufarning ustidan bir necha joylarga murojaat qilganini va bog‘chadagi bolalar zaharlansa, tekshirish bo‘lib, ularning barchasini ishdan olib tashlashini va jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini aytgan.

Bekobod shahrida doimo bolalar zaharlanayotganini, aynan go‘shtga dori qo‘shishni, undan dori nomini bilib berishni so‘raganini, bolalar yengil zaharlanib, kasalxonaga murojaat qilishliklarini va shov-shuv ko‘tarilib, barcha ishdan ketishini aytgan. Feruza Sultonovaning bu ishlari noqonuniy ekanligi sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan so‘ralgan Sultonova Feruza o‘z tushuntirish xatida 2019 yilning boshlarida uning uyiga Sojida ismli ayol, jiyani Nargiza bilan izlab kelgani, u uyda bo‘lmagani sababli onasidan uning telefon raqamini olib, unga telefon qilganini va u bilan Bekobod tumani Zafar shaharchasida uchrashganini, Sojida unga MTM bo‘limi boshlig‘i N.Mixliyevada adovati borligini va uni ishdan bo‘shatmoqchi ekanini aytgan. Shuningdek, u Sojidaga N.Mixliyevaning ustidan turli idoralarga ariza bilan murojaat qilganini, Sojidani uning oldiga N.Mixliyeva yuborganidan shubhalanib, Sojidani N.Mixliyeva yollagan deb o‘ylab, uni sinash uchun bog‘chadagi bolalar zaharlansa, ularning barchasi ishdan ketishini aytganini va Sojidani keyingi harakatlarini bilib olmoqchi bo‘lganini, aslida hech kimni zaharlash niyati bo‘lmaganini bayon qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijalar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.