Bolalarning uyda qarovsiz qoldirilishi natijasida yuz bergan yong‘inda 11 yoshli bola halok bo‘ldi

Joriy yilning 23 avgust kuni soat 10:41da Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida Yakkabog‘ mahallasida yashovchi 46 yoshli G‘.Sh.ning uyida yong‘in sodir bo‘lib, yong‘in qo‘shnilari S.R. va M.X. ismli fuqarolarning uyiga o‘tgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in o‘chirilgan. Oqibatda yong‘in chiqqan uyning 180 kv.m. maydoni va ikki yon qo‘shnilar uyining tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zarar ko‘rgan.

Shuningdek, yong‘in o‘chirish vaqtida G‘.Sh.ning 11 yoshli o‘g‘lining kuygan holdagi jasadi topilgan.

Yong‘in G‘.Sh.ning 12 hamda 11 yoshli o‘g‘illarining gugurt o‘ynashlari va hovlida turgan yelim idishdagi benzinni yonib ketishi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.