Bolaligida aqli zaif deb hisoblangan buyuk insonlar
Ba’zi bir buyuk insonlarni bolaligida hatto yaqin odamlari qoloq deb bilgan. Quyida biz ular haqida ba’zi bir dalillarni keltirmoqchimiz. Ular bilan tanishgach, balki farzandlaringiz va nabiralaringizning qobiliyatiga boshqacha nazar tashlaysiz.
Albert Eynshteyn – nazariy fizik, Nobel mukofoti sovrindori
U 3 yoshigacha gapirmadi, keyin yana 4 yil gapini eplab ayta olmaslikdan aziyat chekdi. Shifokorlar bolaning aqli zaifligini aytishdi. Uning birinchi aytgan iborasi “sho‘rva juda issiq” bo‘ldi. Nihoyat farzandlari gapga kirgan ota-ona xursand bo‘lishdi. Ular bola nega uzoq vaqt davomida jim turganligini bilishga shoshilganida farzand “shu kungacha meni hamma narsa qoniqtirardi”, deya javob berdi.
Ushbu voqeadan so‘ng uzoq vaqt davomida sukut saqlagan bolalarga “Eynshteyn sindromi” tashxisi qo‘yiladi.
Tomas Edison – fonograf (tovushni yozib oladigan va qayta eshittirib beradigan asbob) yaratdi
Shuningdek, u telegraf, telefon va lampochkani takomillashtirdi. Bundan tashqari, aynan u telefondagi suhbat boshida “Allo” so‘zini ishlatishni taklif qildi.
Bolakay biror bir qobiliyati bilan ajralmasdi. U maktabda yomon o‘qir edi. To‘rt oylik mashg‘ulotdan so‘ng o‘qituvchilar bola rivojlanishda orqaga qolayotganiga shubha qilganligi sababli onasiga uni maktabdan olib ketishni maslahat berishdi.
Bu muammolar uning buyuk bo‘lishida to‘sqinlik qilmadi.
Vladimir Mayakovskiy – XX asrning taniqli yozuvchisi
Bola disleksiya (o‘qish va yozish qobiliyatini o‘zlashtirishda qiynalish)dan aziyat chekardi. Vladimir mukammal o‘qiy olardi, diqqati va xotirasi yaxshi edi. Ammo xat savodini o‘zlashtira olmas edi. She’rlaridagi tinish belgilarini esa yozuvchi-publitsist Osip Brik qo‘yib chiqardi.
Mavjud nuqsonlari uning mashhur va iste’dodli bo‘lib tanilishiga to‘sqinlik qilmadi.
Isaak Nyuton – fizik, matematik astronom va mexanik
Bola muddatidan oldin tug‘ilgan. Oyog‘i ham kech “chiqqan”, undan ham kech gapirgan. Ko‘pchilik uni rivojlanishda orqada qolgan deb hisoblashardi. Hech kim daholik qobiliyatiga ega bu bola ko‘p qirrali yigitga aylanadi, deb o‘ylamagan edi.
Konstantin Siolkovskiy – faylasuf, o‘qituvchi, nazariy kosmonavtika asoschisi
Yigitcha gimnaziyadan haydaldi va devona, axmoq, hatto oddiy muammolarni ham hal qila olmaydigan aqli zaif bola sifatida tanilgan. Biroq, hayot hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘ydi.
Lyudvig van Betxoven – bastakor va pianinochi
Klassik musiqaning yetuk siymosi. Ushbu iste’dodli inson haqida eshitmagan odamni topish qiyin.
Ammo bolaning o‘qituvchisi uni mutlaqo uquvsiz va no‘noq deb hisoblagan.
Dmitriy Mendeleyev – kimyogar olimi va pedagog
U biz hozirda foydalanib kelayotgan kimyoviy elementlarning davriy jadvalini yaratdi.
Ajablanarlisi, bolakay Dima kimyo fanidan qat’iy 3 baho olardi.
Bu dunyoda imkonsiz narsa yo‘q. Iste’dodsiz odamlar ham yo‘q. Muhimi, bu iste’dodni topa olish va uni rivojlantirib borishda. Kichkintoylaringizni tez-tez maqtang, rag‘batlantiring va ilhomlantirib boring. Ular albatta hayotda muvaffaqiyat qozonadi!
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.