Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishi mo‘ljallangan joyda tiqilinch yuzaga keldi

Bugun, 4 noyabr kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahrida korxona, tashkilotlar, xususan, OKMK ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilmoqda. Yarmarka o‘tkazish uchun "Metallurg" madaniyat saroyi tanlangan edi. Biroq talabgorlarning ko‘pligi, xususan, OKMKga ishga kirish istagida yaqin hududlardan (Pskent, Ohangaron, O‘rta Chirchiq, Bo‘ka, Bekobod) ham kelgan fuqarolar hisobiga mo‘ljallangan joyda odam to‘planish holati yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng, zudlik bilan shahar hokimligi, OKMK mas’ullari tomonidan "Mehnat yarmarkasi" mazkur madaniyat saroyiga yondosh hududda joylashgan "Yoshlar bog‘i"ga ko‘chirildi. Ayni paytda "Yoshlar bog‘i"da Olmaliq shahar sektor rahbarlarining sayyor qabuli ham bo‘lib o‘tmoqda.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, 2019 yilda kombinatga 2 500 nafardan ortiq fuqarolar ishga qabul qilingan bo‘lib, ularning 1 805 nafarini yoshlar tashkil etadi (shundan 321 nafari qizlar). Shu jumladan, 660 nafari Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi kvota yo‘llanmasiga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kiruvchi shaxslardir.

Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 787 nafar fuqarolar ishga qabul qilingan bo‘lib, ularning 738 nafarini yoshlar tashkil etadi (shundan 158 nafari qizlar).

Shuningdek, joriy yilning 31 oktyabr kuni “Metallurg” MSda yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng 142 nafar fuqaro kombinatga ishga qabul qilindi.

Ma’lumki, OKMK AJda yirik investitsiya loyihalari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirilish” loyihasi doirasida yangi ob’yektlar, xususan, 3-MBF qurilishi munosabati bilan kombinatda 10 mingta ish o‘rni bosqichma-bosqich ochiladi.

Bugungi "Mehnat yarmarkasi"da yoshlarning murojaatlari o‘rganilib, kelgusida kombinatda ochilishi rejalashtirilgan yangi ish o‘rinlariga qabul masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

OKMK tomonidan fuqarolarning ishga qabuli o‘tkaziladigan kunlar va qaysi ixtisoslik uchun qachon suhbat bo‘lishi haqida rasmiy vebsayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali axborot berib boriladi.

Bu haqda Olmaliq shahar hokimligi va OKMK axborot xizmatlari ma’lumot berishdi.