Bosh prokuratura binosi oldida piket uyushtirildi

Joriy yilning 18 oktyabr kuni Bosh prokuraturaning fuqarolar qabulxonasi oldida bir guruh fuqarolar yig‘ilib piket uyushtirgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar Aleksey Meng va A.Molotyagin boshchiligidagi International Consulting Group platformasiga sarmoya kiritgan va firibgarlik harakatlari oqibatida moddiy zarar ko‘rgan. Shu sababli ular namoyishni tashkil qilgan. Ushbu tadbirda ishtirok etgan fuqarolardan jami 33 ta murojaat qabul qilingan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Aleksey Meng va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituvida.

«Fuqarolar tomonidan berilgan murojaatlar jinoyat ishiga qo‘shib, o‘z vaqtida va ob’yektiv ko‘rilishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan», deyiladi bayonotda.