Bosh Prokuratura “Qodirov ishi” doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslar haqida axborot berdi
2019 yil 18 aprel kuni internet tarmoqlarida «Qodirov ishi» doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslar tergov davomida qiynoqlar haqida xabar berishdi» nomli maqola e’lon qilindi, deb yozmoqda Bosh Prokuratura matbuot xizmati .
Maqolada xuddiki ayblanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramovlarga nisbatan jismoniy va psixologik zo‘ravonlik va qo‘pol munosabatda bo‘lingani qayd etilgan.
Avval xabar qilinganidek, Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borilgan hamda 13 nafar shaxsga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ayb e’lon qilingan.
Dastlabki tergov Jinoyat-protsessual kodeksining qoidalariga qat’iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan.
Ayblanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramov ularga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan, bu esa ularga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir.
Bundan tashqari, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha avval e’lon qilingan rasmiy xabarda (11.04.2019) ta’kidlanganidek, dastlabki tergov va sud jarayonida barcha ayblanuvchilarning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiy muassasalarining doimiy tibbiy kuzatuvida va nazorati ostida bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, dastlab jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlanganida sudlanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramov sudda so‘roq qilish jarayonida o‘z ko‘rsatmalarida sodir etilgan jinoyatlarda aybdorligini tan olib, o‘z qilmishlariga amalda pushaymonligini bildirishdi, ammo keyinchalik ular o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, xuddiki ularga nisbatan qiynoq va tahdidlar qo‘llangani haqida xabar berishdi.
Qonunchilikka binoan, ayblanuvchi va sudlanuvchilar ularga nisbatan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha har qanday pozitsiyani egallash huquqiga ega. O‘z navbatida Bosh prokuratura U.Sunnatov va U.Xurramovning tergov davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganligi to‘g‘risidagi vajlariga javoban aniq pozitsiyasini bildirib, yuqoridagi ko‘rsatmalar haqiqatga mos kelmasligini qat’iy ta’kidlaydi.
Avval xabar berilganidek, bugungi kunda R.Qodirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va Bosh prokuratura jinoyat ishida ishtirok etish uchun jalb qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini kafolatlaydi.