“Boshqacha taqvim” asosida yashab kelayotgan zamonaviy 5 davlat
Zamonaviy dunyoda bizga tanish 12 oyga bo‘lingan, 365 kundan iborat taqvim (Grigorian taqvimi)dan foydalanmaydigan mamlakatlar borligini eshitganmisiz?
Ushbu maqolamizda bunday mamlakatlar va ularning g‘ayrioddiy kalendarlari haqida ma’lumot beramiz.
Isroilda rasmiy ravishda Grigorian taqvimi bilan bir qatorda qadimgi ibroniy taqvim ham qo‘llaniladi
Isroilda ko‘plab an’anaviy bayramlar miloddan avvalgi 3761 yilning 7 oktyabr, dushanba kunidan boshlab hisoblanadigan yahudiylar taqvimiga ko‘ra nishonlanadi. Bu sana “birinchi yangi oy chiqqan kun” deyiladi, bu kalendardagi har oy ham, har yil ham hilol chiqqanda boshlanadi. Yil boshi esa faqat dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari bo‘lishi kerak. Yangi yilning birinchi kuni haftaning mos bo‘lmagan kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, eski yil kerakli kun kelgunga qadar uzaytiriladi.
Efiopiya boshqalardan 8 yil orqada
Ushbu Afrika mamlakatining taqvimida oylar g‘ayrioddiy tarzda joylashtirilgan bo‘lib, ular 12 ta emas, balki 13 tani tashkil qiladi. Bundan tashqari, birinchi o‘n ikki oy bir xil – 30 kundan, oxirgi o‘n uchinchi oy esa juda qisqa – atigi 5 yoki 6 kundan iborat.
Hozirgi vaqtda Efiopiya nafaqat cherkovda, balki dunyoviy hayotda ham Yulian taqvimini qo‘llab kelayotgan dunyodagi yagona davlatdir. Shu sababli bu davlat bizning odatiy kalendarimizdan yetti yilu sakkiz oy orqada, ya’ni 2014 yilda yashab kelmoqda.
Pokistonda islom taqvimidan foydalaniladi
Hisob-kitoblar Muhammad payg‘ambarimizning Madinaga kelgan kunidan boshlab davom etayotgani sababli bu "eng yosh" taqvimlardan biridir. Oy osmonda musulmon dinining muhim ramzlaridan biri - Yarim oy paydo bo‘lganidan keyin boshlanadi.
Qizig‘i, bunday taqvim asosidagi yil astronomik yilga qaraganda qisqaroq, shu sababli asta-sekin sodir bo‘ladigan siljishlar tufayli aytaylik, qish oylari kuzga aylanadi.
Eron va Afg‘onistonda fors kalendari qo‘llaniladi
Qizig‘i shundaki, uni yaratilishida buyuk shoir Umar Hayyom qatnashgan. Bu taqvimning boshlanish nuqtasi Pokistonning taqvimida bo‘lganidek, bir xil voqeadir. Biroq, u aniqroq, ya’ni yil 365 kun davom etadi, shu sababli asrlar davomida bu ikki taqvim bir-biridan 43 yilga uzoqlashgan.
Xitoy taqvimi Xitoy, Vetnam, Kambodja va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida qo‘llaniladi
Bu yerdagi vaqt hisoblanishi imperator Huang Di hukmronligi davrida boshlangan. Hisob-kitoblar Yupiterning Quyosh atrofida aylanish davriga asoslanadi. Bu gigant sayyora 12 yil ichida bir marta aylanadi va har 12 yilning hammamizga tanish Ajdaho, Yo‘lbars, Maymun... kabi o‘z nomlari bor.
***
Zamonaviy dunyoda yana ko‘plab “boshqacha” kalendarlar bor. Tez orada biz ular haqida ham yozamiz.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.