Boylar tez ko‘payapti: Rossiyaning 90 foiz puli 3 foiz oligarxlar qo‘lida

Eng boy 3 foiz rossiyaliklarning qo‘lida moliyaviy aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, muddatli omonatlar, joriy hisobraqamlar va naqd pul ko‘rinishidagi jami boyliklarning deyarli 90 foizi jamlangan. Oliy iqtisodiyot maktabi va "Vneshekonombank"ning tahlilchilari shunday xulosaga kelgan, deb xabar beradi minbar.uz sayti.

2018 yilda barcha moliyaviy aktivlarning 89 foizi, barcha muddatli omonatlarning 92 foizi, barcha naqd pullarning 89 foizi eng boy 3 foiz rossiyalikning qo‘lida to‘plangan ekan.

Moliyaviy aktivlarning 6 foizi, muddatli omonatlarning 4 foizi va naqd pulning 3 foizi eng kambag‘al 20 foiz rossiyalikning ixtiyorida bo‘lgan.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishlaricha, oxirgi besh yilda eng boy rossiyaliklarning o‘rtacha daromadi kamaygan, lekin mamlakat iqtisodiyotida ularga tegishli bo‘lgan moliyaviy aktivlar va mablag‘lar ulushi oshgan.

Rosstatning 2018 yilga oid ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada aholining 12,9 foizi qashshoqlikda yashaydi, ularning daromadi kun kechirish uchun zarur bo‘lgan eng kam ko‘rsatkichdan ham pastdir. 2018 yilning to‘rtinchi choragida kun kechirish uchun zarur eng kam summa 10213 rublga teng bo‘lgan.

Bu Rossiyadagi notenglik tahdidli darajaga kelib qoldi degani. 2018 yilning to‘qqiz oyida o‘tgan yilning xuddi shu davriga qaraganda Jini koeffitsiyenti (notenglik indikatori) 0,400 dan 0,402 gacha ko‘paygan.

2018 yilning oxirida Rossiyada 30 million dollardan ko‘p puli bo‘lgan 1500 nafar o‘ta boy inson, shuningdek 101 nafar dollarli milliarder yashagan. O‘ta boy insonlar (milliarderlar) ko‘payishi sur’ati oshishi bo‘yicha Rossiya dunyoda birinchi o‘rinni egallaganini "World Wealth Report" tadqiqotchilari aniqlagan.