Bozorlarda tarvuzning zaharlanganini qanday aniqlasa bo‘ladi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i Anvar Shukurov tarvuz sotib olayotganda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida ma’lumot berdi.

Tarvuz sotib olayotgan paytda uning bus-butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy o‘g‘itlar bilan me’yordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerak.

Sababi bugungi kunda aksariyat dehqonlar ushbu mahsulotni tezroq yetishtirish maqsadida azotdan ko‘p foydalanmoqda. Bu esa tarvuzdan zaharlanishga sabab bo‘lyapti.

Mahsulotning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. Negaki, ushbu rezavorning qizil mag‘zida mikroblar juda tez tarqaladi. Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqib, uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat.

Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganidan dalolat.
Shuningdek, tabiiy pishgan tarvuz suvga solinganda uning ustiga qalqib chiqadi. Azotli o‘g‘it bilan to‘yingani esa aksincha suv ostiga cho‘kadi. Agar bo‘laklanganda qiyshiq emas, to‘g‘ri kesilsa, bu holat ham uning kimyoviy moddalarga to‘yinganligi belgisidir.

Shuningdek, mutaxassis tarkibida nitrat moddasi me’yordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilinganda, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘lishini, ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, qorin va bosh og‘rig‘i, 38-39 darajagacha isitma ko‘tarilishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlarning sovuq qotishi kabi alomatlar kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish lozimligini ta’kidlagan. Chunki bu — tarvuzdan zaharlanish belgilari bo‘lishi mumkin.