Bozormi bu yoki stoyankami? Mutasaddilar bu yerlarda “peshkom” yurganmikan?
Bulung‘ur tumani mutasaddilari e’tiboriga!
Samarqand-Bulung‘ur yo‘nalishidagi “Damas” bir zumda tuman markaziga eltib qo‘ydi. Rost, avtomashinadan tushishimiz hamon dilimiz xira tortdi. Oftob tig‘ida “qizdirib” sotilayotgan tarvuzlar, uning ortida uyulib turgan chiqindilar...
- Biz obodonlashtirishni o‘rgangani kelganimiz yo‘q, - deya sherigimni ildam yurishga da’vat qildim. Shundoq temir yo‘l ustidagi ko‘prikka chiqishimiz bilan hamrohim navbatdagi holatni ob’yektiviga muhrladi.
- Har dardga davo ot moyi, bodom yog‘i, sotamanu ketaman, keb qoling, - sotuvchining ovozi e’tiboringizni jalb qilmay iloji yo‘q edi.
- Qayerda ishlab chiqarilgan bu dorilaringiz? - shisha flakonlarga joylangan “dori”lardan birini qo‘limga olib so‘radim.
- Aka, Toshkentda tayyorlangan, nechta beray?
- Buni ishlab chiqarilgan joyi, korxona nomi yozilmaganku.
Suhbatimiz shu bilan yakuniga yetdi. Rostda, “dori” sotuvchiga xaridor kerak. Tergovchi emas.
Yo‘lda davom etarkanmiz, navbatdagi “ob’yekt” ham uzoq kuttirmadi.
- Adashmasam, bu yer eski “RayONO”ni joyi, - oldi qariyb o‘rmonga aylangan binoni ko‘rsatib hamrohim izoh berdi.
Yo‘q, biz kamchilik axtarmadik. Ular “ataylab” biz yurgan yo‘lga chiqib olishgandi...
Yo‘l ustiga o‘rnatilgan shlagbaumdan bu yerda stoyanka borligini angladik. Ammo kimligi noma’lum yigit to‘lov kvitansiyasi bermasada, kirib-chiqayotgan avtomashinalardan pul yig‘ishni do‘ndirardi.
Nima ham derdik: to‘g‘ri, biz ko‘rganlarni mahalla oqsoqoli, hudud profilaktika inspektori, DSENM xodimlari bilishmas. Ammo ushbu hududdan birorta rahbar so‘nggi uch-to‘rt oy ichida piyoda o‘tmaganmi?
Savollar bisyor edi. Biroq biz tuman hokimligiga kelib qolgandik. Qolgan tafsilotlar bilan keyinroq o‘rtoqlashamiz.