«Britancha shtamm» Samarqandga kirib kelmadimi?

Samarqandda koronavirusning «britancha shtammi» aniqlanmadimi? Uning kirib kelishi ehtimoli yuqori bo‘lgan ayni kunlardaning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Adham Bahromov quyidagilarni gapirib berdi:

– Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzali orqali viloyatimizga xorijdan kirib kelayotgan fuqarolardan koronavirusga qarshi test tahlili olinib, 20 daqiqa ichida onlayn tarzda fuqarolarga namuna natijalari taqdim etilmoqda. Shuningdek, ular 10 kunlik uy tibbiy nazoratiga olinib, tibbiyot xodimlari tomonidan kunlik nazorat ishlari olib borilmoqda.

Xorijiy davlatlardan kelgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda zudlik bilan joyida alohidalanib, maxsus davolash muassasasiga tez tibbiy yordam mashinasida olib ketilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’lim muassasalaridagi sinfxonalar tez-tez shamollatilib, dezinfeksiya tadbirlari olib borilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Samarqand viloyatida hozircha koronavirusning «britancha shtamm»i aniqlanmadi.