70 yil taxtda: "Davr ramzi" — Yelizaveta II faoliyatiga nazar

London markazida bayroqlar tushirilgan. “Qirolicha Balmoral qasrida tinchgina vafot etdi”, — deyiladi Bukingem saroyi bayonotida. Monarxning o‘limi haqidagi xabar nafaqat Britaniya fuqarolarini qayg‘uga soldi. Dunyoning turli burchaklaridan siyosatchilar hamdardlik bildirmoqda. Yelizaveta II merosi haqida gap ketganda, eng ko‘p “davr timsoli”, “cheksiz sadoqat”, “xalqqa xizmat” so‘zlari yangraydi.

Yevropa Kengashi rahbari Charlz Mishelning so‘zlariga ko‘ra, qirolicha o‘z hukmronligi davrida abadiy qadriyatlar muhimligini isbotladi. "Jamiyat uning ko‘z o‘ngida o‘zgarib borardi, lekin u ko‘pchilikka kuch bag‘ishlagan xotirjamlik va fidoyilik mayog‘i edi", dedi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrellot qirolichaning urushdan keyingi o‘n yilliklarda Yevropada tinchlik o‘rnatishga qo‘shgan hissasini qayd etdi. Germaniya kansleri Olaf Shols ham uning Britaniya-Germaniya yarashuvidagi roliga ishora qilib, Yelizaveta II ning hazillarini sog‘inishini qo‘shimcha qildi.

Emmanuel Makron oliy hazratlarini “fransuz xalqining do‘sti” va “toza qalbli inson” deb atadi. U 70 yil davomida Britaniya xalqini timsol qildi, deb esladi Fransiya prezidenti.

Qirolicha Millatlar Hamdo‘stligiga a’zo 16 mustaqil davlatga rahbarlik qilgan. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo kanadaliklar hayotidagi alohida roli haqida gapirdi.

Qirolichaning vafoti munosabati bilan Yevropa qirollik xonadonlari vakillari, Rim papasi Fransisk, AQShning sobiq prezidentlari Barak Obama va Donald Tramp va boshqalar hamdardlik bildirdi.

70 yil taxtda
Qirolicha Yelizaveta II o‘zidan oldingilarga qaraganda uzoq taxtda o‘tirdi. U 1952 yilda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi bo‘ldi.

Yelizaveta 1926 yilda dunyoga keldi va deyarli tasodifan taxt vorisiga aylandi. Amakisi Edvard VIII 1936 yilda taxtni otasi Jorj VI ga topshirishi bilan uning taqdiri butunlay o‘zgardi va 25 yoshida Yelizaveta toj kiydi.

Millatlar Hamdo‘stligi rahbari sifatida u dunyoning eng chekka burchaklariga son-sanoqsiz sayohatlarni amalga oshirdi. Unga barqarorlik kafolati sifatida qarashdi. O‘zining qat’iy burch hissi bilan mashhur qirolicha uzoq hukmronligi davrida boshqa dunyo yetakchilariga qaraganda ko‘proq xorijiy davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashdi.

Ammo uning taxtda bo‘lishi ba’zi zarbalar bilan hamohang bo‘ldi. 1992 yilda uning uchta farzandi shahzoda Endryu, malika Anna va taxt vorisi shahzoda Charlz turmush o‘rtoqlari bilan ajrashishdi. Ularning shaxsiy hayoti beadab sariq matbuot e’tiboriga tushdi. Qirol oilasining obro‘si yo‘q qilindi. Yong‘in esa oila qarorgohi Vindzor qal’asini vayron qildi. U soliq to‘lovchilarning qarshiligini yengib o‘tgandan keyingina tiklandi. Qirolicha 1992 yilni dahshatli yil deb atadi va uni eslashni yoqtirmasdi.

Britaniya monarxiyasining obro‘siga yana bir zarba 1997 yilda malika Diananing o‘limi bo‘ldi. Jamiyat o‘z hayratini yashirmadi. Ammo qirolicha o‘zining odatiy bosiqligini saqlagan holda Shotlandiya qal’asida qoldi. Shunday qilib, saroy va jamoatchilik fikri o‘rtasida ma’lum masofa paydo bo‘ldi. Ammo qirolicha tez orada Londonga va o‘z fuqarolarining qalbiga qaytib keldi.

Monarxiya bo‘ronga dosh berdi. Qirollik oilasining mashhurligi qirolichaning nevaralari tufayli yangi cho‘qqilarga ko‘tarildi. Shahzoda Uilyam va Garri xalq orasidagi ayollar bilan turmush qurdi. Monarxiya qiyofasini modernizatsiya qildi va omma e’tiborida bo‘lgan yangi avlodni dunyoga keltirdi.

Ammo 2020 yilda sariq matbuotda buvisini Meganga nisbatan yomon munosabatda, qo‘rqitish va irqchilikda ayblab shahzoda Garri va Megan Markl oilani tark etishdi.

Shahzoda Filipp quvonchda ham, qayg‘uda ham malika yonida edi. Ular turmush qurganiga 73 yil bo‘ldi, shahzoda-konsort 2021 yil aprel oyida, salkam 100 yoshda vafot etdi. Qirolichaning so‘zlariga ko‘ra, Filipp uning kuch manbai edi.

Qirolicha Yelizaveta II kuchli, ishonchli va sadoqatli edi. Va odamlar uni shu uchun sevishgan. Uning hukmronligining 70 yilligida xalq o‘z minnatdorchiligini bildirdi. To‘rt kunlik bayramlar va paradlar katta iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklar davrida quvonch keltirdi. Betobligi sababli qirolicha bu tadbirlarda qatnasholmadi. Ammo u o‘z fuqarolarini kutib olish uchun mashhur saroy balkonida paydo bo‘ldi.
Bu xalqning o‘z malikasiga bo‘lgan muhabbatining eng yorqin timsoli.

G.Xoldorova tayyorladi.