Britaniya generali Rossiya va Xitoyni koronavirusga qarshi vaksina to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berayotganlikda aybladi
Buyuk Britaniya qurolli kuchlari mudofaa vazirligi bosh shtabi rahbari Rossiya hukumatini ataylab koronavirusga qarshi vaksinalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatayotganini ta’kidladi. Bu haqda 2 oktyabr kuni ParsToday nashri xabar berdi.
“Gardian” gazetasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Nik Karter Rossiya va Xitoy koronavirus inqirozi va vaksinalardan G‘arb birdamligini buzish maqsadida foydalanayotganini ta’kidlagan.
Karterning ta’kidlashicha, Rossiya COVID-19ga qarshi vaksina to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, dunyo mamlakatlaridagi barqarorlikni buzishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya kontrrazvedka usullaridan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlardagi koronavirusga qarshi vaksina to‘g‘risidagi fikrlarga ta’sir qilishga urinmoqda va Amerika vaksinasini samarasizligi haqidagi yolg‘on axborotlar tarqatmoqda.
Britaniya generali Xitoy hukumatini ham shunga o‘xshash harakatlar amalga oshirganlikda aybladi.
Rossiyada koronavirusga qarshi birinchi vaksina yaratilganligi haqida e’lon qilinganidan so‘ng mamlakat prezidenti Vladimir Putin Rossiya sog‘liqni saqlash tizimi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishga tayyor ekanini va tez orada COVID-19ga qarshi ikkinchi vaksina tayyor bo‘lishini ma’lum qildi.
Amerikalik tadqiqotchi va olimlar AQSh vaksinasini tayyorlash ishlari hali nihoyasiga yetmaganini, prezident Donald Tramp esa bu haqidagi e’lonlarni faqatgina saylovoldi tadbirlari doirasida amalga oshirayotganini alohida ta’kidladilar.
Bekzod Musurmonov tayyorladi.