Britaniya Liz Trass o‘rniga nomzod qidirmoqda
Konservativlar partiyasidan uch nafar deputat, shuningdek, ayrim yetakchi biznesmenlar Liz Trassni bir qator munozarali iqtisodiy qarorlardan so‘ng bosh vazir lavozimidan ketishga chaqirdi, deb yozadi The Financial Times.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Liz Trass ko‘z o‘ngida vakolatini yo‘qotmoqda. U moliya vaziri Kvazi Kvartengni ishdan bo‘shatdi. Vaholanki, Kvarteng nafaqat hukumatdagi ikkinchi muhim shaxs, balki Trassga to‘liq sodiq bo‘lgan yagona odam edi. Uning o‘rnini premerlik uchun kurashda sobiq raqibi, G‘aznachilik boshlig‘i Jeremi Xant egalladi. Trass o‘z premerligini saqlab qolish uchun astoydil harakat qilmoqda. Ammo bunday rokirovkadan keyin savol tug‘iladi: u biror narsani boshqara oladimi?
Hatto Trass partiyadoshlari tanqidiga sabab bo‘lgan bunday qarorlar qatorida nashr Jeremi Xantning tayinlanishi tilga olinadi. Yil davomida Buyuk Britaniyada to‘rtta moliya vaziri almashtirildi. Undan avvalgi moliya vaziri Kvazi Kvarteng tayinlanganidan 38 kun o‘tib iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Parlamentariy Jeffri Klifton-Braunning aytishicha, qoidalar yetarli miqdordagi konservativ deputatlar qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zgartirilishi, ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan muqobil nomzod bo‘lgan taqdirdagina Trassni lavozimidan chetlashtirish mumkin – bu navbatdagi saylov zaruratining oldini oladi.
Ayni paytda sobiq moliya vaziri Rishi Sunak, Jamoatlar palatasi rahbari Penni Mordaunt va yangi moliya vaziri Jeremi Xant ham Trassning o‘rnini bosuvchi shaxslar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
The Guardian xabariga ko‘ra, Trass bugun uning iste’fosini talab qilgan konservativ deputatlar bilan bir qator uchrashuvlar orqali zaiflashib borayotgan quvvatini mustahkamlashga harakat qiladi.