«Bu qadamlar O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga turtki beradi»: Singapurlik taniqli iqtisodchi O‘zbekistonning Germaniya bilan hamkorligi haqida
Singapurning «Meinhardt» kompaniyasi ijrochi raisi Shahzod Nasim O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng bu borada o‘z fikrini bildirdi.
“Germaniya bilan aloqalar mustahkamlanayotgani bugungi o‘zaro bog‘langan dunyoda O‘zbekistonning xalqaro hamkorligi yuksalayotganidan dalolatdir.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma loyihalar soni ikki barobar ortgani, shuningdek, Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi sezilarli darajada oshgani e’tirofga loyiq. Tashrif doirasida o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forum, umumiy qiymati 9 milliard dollar miqdorda savdo, sarmoyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imzolangan kelishuvlar ikki davlat ravnaqiga xizmat qiladigan salmoqli yutuqlardir.
Biz ushbu o‘zgarishlarni olqishlaymiz, chunki ular nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda taraqqiyot va iqtisodiy barqarorlikka hissa qo‘shadi.
Shuningdek, Germaniya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini hamda YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq imzolanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgani ham diqqatga sazovordir.
«KfW», «Doyche-bank» va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan kelishuvlar, shubhasiz, nemis kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini mustahkamlaydi.
Menimcha, ushbu qadamlar nafaqat O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga, balki uning global savdo tarmog‘iga yanada samarali integratsiyalashuviga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, respublikaga o‘zi uchun ochilgan yangi bozorlarga dadil kirib borish, milliy iqtisodiyotning eksponensial rivojlanishini davom ettirish uchun eng yangi texnologiyalar va kapital bozoridan foydalanish imkonini beradi” deya iqtisodchining fikrlarini keltirmoqda "Dunyo AA".