Bu yil chet tili bo‘yicha mutaxassis tayyorlovchi OTMlarda kirish imtihonlari ijodiy (amaliy) bo‘ladi
Test sinovlari bilan bog‘liq savollarga Davlat test markazi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Vohid SIRLIBOYeV javob berdi
- Chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lganlarga o‘sha fandan necha ball beriladi?
- Chet tilini bilish darajasi bo‘yicha xorijiy va milliy sertifikatning V2 va undan yuqori darajasiga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘sha fandan test topshirish blokida belgilangan maksimal ball beriladi. Bunda Toshkent davlat yuridik universitetida mazkur sertifikatdagi yozish ko‘nikmasi uchun alohida talablari mavjud (masalan, IELTS Writing 5.5 dan kam bo‘lmasligi kerak). Shu o‘rinda yana bir holat bo‘yicha ma’lumot berib o‘tishimiz kerak. Bu yildan boshlab, Vazirlar Mahkamasining 34-son qaroriga muvofiq, chet tili bo‘yicha mutaxassis tayyorlovchi 6 ta oliy o‘quv yurtida chet tili fanidan kirish imtihonlari ijodiy (amaliy), ya’ni, tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Bunda abituriyentga har bir ko‘nikma bo‘yicha to‘plagan ballari yig‘indisi shaklida ball qo‘yilib, DTM ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.
- Agar abituriyent asosiy ikki fandan ham sertifikatga ega bo‘lsa, u faqat majburiy blokdagi 3 ta fanning savollarini yechadimi?
- Agar abituriyent test sinovlari blokidagi asosiy 1-fan va 2-fanlardan imtiyoz beruvchi sertifikatlarga ega bo‘lsa, u faqat majburiy fanlar blokidagi savollarga javob beradi, ajratilgan vaqt ham mazkur vaziyatda mos ravishda 1 soatni tashkil etadi.
- Talaba o‘z xohishiga ko‘ra, bu yilgi test sinovlarida qatnashishi mumkinmi? Agar u o‘qishga kirib ketsa, avvalgi o‘qishini tashlab, keyingi kirgan OTMda o‘qishi mumkinmi?
- Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimida hech qanday cheklov o‘rnatilmagan. Talabalar ham o‘z xohishiga ko‘ra, test sinovlarida ishtirok etishi mumkin. Bordi-yu, yangidan tanlagan yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinsa, xohishiga ko‘ra, oldingi o‘qish joyidan arizasiga ko‘ra, talabalar safidan chiqarilib, keyingi OTMda o‘qishini davom ettirishi mumkin.
- Bu yil test sinovlariga yana qanday o‘zgarishlar kiritilyapti?
- Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 13-son bayoni bilan bu yilgi test sinovlarida fan bloklari, test topshiriqlari soni va baholash mezonlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, asosiy blok fanlaridagi test topshiriqlari soni 30 tadan hamda majburiy fanlar blokidan har bir fandan test topshiriqlari soni 10 tadan, jami 30 ta qilib belgilandi. Baholash mezonida ham o‘zgarish mavjud. 1-blok fani bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 3.1 ball, 2-blok fani bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 2.1 ball, majburiy fanlar bloki bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 1.1 baldan baholanadi. Abituriyent to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ball 1-blokdan 93 ball + 2-blokdan 63 ball + majburiy fanlar blokidan 33 ball = 189 balni tashkil etadi.