Bu yilgi test sinovlari ham stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi mumkin

Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayevning aytishicha, ayni paytda Davlat test markazi tomonidan testlarni o‘tkazish bo‘yicha ikki xil ssenariy ustida ish olib borilmoqda;

- test sinovlarini an’anaviy shaklda katta sig‘imli binolarda o‘tkazish;

- pandemiya sharoitida test sinovlarini 2020 yildagi kabi ochiq maydonlarda o‘tkazish.

Buning uchun test sinovi o‘tkaziladigan joylar tanlanib, reja-chizmalari tayyorlandi. 50 460 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 103 ta katta sig‘imli yopiq bino, 60 570 nafar abituriyentga mo‘ljallangan 66 ta stadion va xiyobon tayyorlanyapti.

Mirzayev, shuningdek, abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyoz berish va ularni tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan mas’ul vazirlik va idoralar bilan imtiyozlar reyestri shakllantirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Buning uchun Davlat test markazi tomonidan maxsus platforma ishlab chiqilgan va tegishli vazirlik va idoralarga imtiyozlarni kiritish uchun kerakli ma’lumotlar taqdim etilgan.