Bugun Pekin-2022 Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi

Sanoqli daqiqalardan keyin Xitoy poytaxtida dunyo ahli 4 yil kutgan navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

"Qush uyasi" nomini olgan mashhur Milliy stadionda o‘tkaziladigan tantana butun dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Marosim Toshkent vaqti bilan 17:00 da boshlanadi.

Bu yilgi Olimpiadada 91 davlatdan 4000 dan ortiq sportchi 7 sport turi bo‘yicha 109 medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Olimpiada dasturiga biatlon, bobsley (bobsley, skeleton), kyorling, konki sporti turlari (konkida uchish, figurali uchish, short-trek), chang‘i sporti turlari (tog‘ chang‘isi, chang‘i ikki kurashi, tramplindan sakrash, fristayl, snoubord), chana sporti, shaybali xokkey kiritildi.

Tashkiliy qo‘mita a’zolari unga katta tayyorgarlik olib borgani, musobaqalar tarixidagi eng yorqin marosim bo‘lishini va’da qilishmoqda.

Yana bir ahamiyatli jihati, ushbu marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bevosita stadiondan kuzatib boradi.

Mamlakatlar paradida sportchimiz Komiljon To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiyamiz ko‘rinish beradi.