Bugundan mahallalarda rais (oqsoqol)lar saylovi boshlandi

Samarqandda mahalla fuqarolar yig‘inlari rais (oqsoqol)lari saylovi jarayonlari boshlandi.

Shu kungacha viloyatdagi 1126 mahallada tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan fuqarolar fikrlari inobatga olingan holda 2 nafardan 5 nafargacha, jami 4302 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazildi. Ularning 2252 nafari (52,3 foiz) mahalla raisligiga o‘tkaziladigan saylovda ishtirok etishga munosib, deb topilgan. 2050 nafar nomzod esa yetarli darajada bilimga ega emasligi sababli saylovda ishtirok etmasliklari tushuntirilib, rad etilgan. Bugun, dastlabki kunda 64 ta mahallada saylov o‘tkazildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan vakillar yig‘ilishlarida saylovchilar hudud yetakchiligi uchun munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berishmoqda.

Misol uchun, Jomboy tumani Kattaqishloq mahallasida mahalla raisini saylash uchun vakillar yig‘ini tashkil etildi. Yig‘ilishda kun tartibi belgilab olingach, sanoq komissiyasi saylandi. Shundan keyin ishchi guruh raisi B.Shodiyev oqsoqollikka nomzodlarga so‘z berdi.

– Amaldagi tartib asosida ko‘cha va guzarlarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda mahallada obro‘-e’tiborga ega, qonunchilikda belgilangan talablarga mos nomzodlar belgilandi, - deydi Kattaqishloq mahalla fuqarolar yig‘inida saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi raisi Bunyod Shodiyev. – Hududda istiqomat qiluvchi 8060 nafar aholining 558 nafar vakili mavjud. Saylov jarayonida mahalla raisligi uchun 3 ta nomzodga 379 nafar vakil ovoz berishda qatnashdi.

Ovoz berish jarayonidan avval nomzodlar mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z saylovoldi dasturlari bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng saylovchilar yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘zlari munosib, deb topgan nomzodga ovoz berdi.

Sanoq natijalariga ko‘ra, nomzodlar ichida 230 nafar vakil yoqlab ovoz bergan Bashorat Shamsiyeva navbatdagi muddatga mahalla raisligiga qayta saylandi.