Bulung‘ur bilan Xitoy hamkorligi qachon rivojlanadi?
Odatda hokimlar to‘g‘risida gap ketganda ko‘pchilik ularni kitob o‘imaydi, degan fikrga keladi. Bulung‘ur tumani hokimi bunga vaqt topa oladimi? Tumanda qaysi soha rivojlanmay qolyapti? Jamiyatda yuqori mavqega ega bo‘lish afzalmi yoki oddiy ota? Bulung‘ur tumani hokimi Bahodir Bahromov bilan suhbatimiz shu va boshqa savollar atrofida bo‘ldi.
Hokim shuningdek, pandemiyaning sabablari va oqibatlari haqidagi xulosalari bilan ham o‘rtoqlashdi. Bulung‘ur tumanida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar haqida to‘xtalgan hokim o‘zgarishlarni odamlar turmush tarziga ijobiy ta’siri haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Keyingi yillarda viloyatimizning boshqa tumanlari qatorida tumanda ham salmoqli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, - deya gap boshladi B.Bahromov. - Shu sababli ulardan aynan uchtasini sanash ham biroz mushkul.
Xususan, 2019 yilning 4-choragida tumanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga aholi turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan ikkita sanoat korxonasi tashkil etildi. Ulardan biri O‘zbekiston hamda Buyuk Britaniya davlatlari tadbirkorlari o‘rtasida “Samarqand Garden Plast” qo‘shma korxonasi. Bu yerda bir yilda 10 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (gilos, shaftoli, gul karam, brokelle, bolg‘ur qalampiri) ni qadoqlash loyihasi asosida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxona mahsulotlar Xitoy, Rossiya, hatto AQSh va Germaniya davlatlariga eksport qilinadi.
Ikkinchi yirik loyiha “Xitoy Besh barmoq kurilish materiallari” xorijiy korxonasi. Qiymati 3 million AQSh dollari bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish hisobiga 18 million dona pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan bu korxonada ham 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Aytmoqchi bo‘lganim, tumanda aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha juda katta loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, 2020-2022 yillarda qiymati 1 trillion 4 milliard so‘mlik 46 ta sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi loyihalari ishga tushirilishi natijasida 1198 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Misol uchun, “Bulungur Abbosbegi” MChJ tomonidan qiymati 1 million 50 ming dollar mablag‘ hisobiga Turkiya davlatidan bug‘doyni qayta ishlash asbob-uskunalari keltirib, o‘rnatilmoqda.
“Green Agro Export” MChJ tomonidan Germaniya, Turkiya va Xitoy davlatlaridan qiymati 32 milliard so‘mlik 20 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish asbob-uskunalari keltirilgan. Joriy yilning yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan loyiha doirasida 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Sizningcha, tumandagi uzoq yillardan buyon deyarli hech narsa o‘zgarmagan soha qaysi?
- Hududlarda har bir sohani rivojlantirish borasida hukumatimiz tomonidan ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi. Natijada Bulung‘ur tumanida ham salmoqli ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, birgina ijtimoiy sohani oladigan bo‘lsak, uning bitta tarmog‘i, ya’ni maktabgacha ta’limda 2017 yil holatiga ko‘ra 20 ta davlat bog‘chasi mavjud bo‘lgan va bog‘cha yoshdagi bolalarning qamrovi atigi 12 foizni tashkil etgan. Biroq so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida 2020 yil birinchi yarim yillik holatiga 58 foiz bog‘cha yoshidagi bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi.
Biroq aytish mumkinki, sohaga e’tiborning yetarlicha bo‘lmaganligi sababli, tumanda bir necha yillar oldin rivojlangan sanoat tarmoqlaridan bo‘lgan pomidorni qayta ishlashning bugungi kunda sanoatdagi ulushi mavjud emas. Ammo ko‘p miqdorda mahsulot yetishtiriladi. Shu sabab sohani yana qayta rivojlantirish borasida xorijiy hamda mahalliy investorlar tomonidan ishlab chiqilgan loyiha takliflari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi loyihalashtirish agentligiga taqdim etib borilmoqda. O‘ylaymizki, ushbu sohada ham yaqin kelajakda albatta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi.
- Bir kunlik ish tartibingiz qanday?
- Odatiy kun tartibimga ko‘ra, dastlab oila davrasida tonggi nonushta qilgach (afsuski, har doim ham bunday imkoniyat bo‘lavermaydi), ishga kelaman. Ish kunimni albatta topshiriqlar, murojaatlar hamda ularning ijrosi bilan tanishishdan boshlayman.
Ish kuni davomida rejamga ko‘ra, belgilangan vazifalarni birma-bir ko‘rib chiqamiz. Bunda mavsumga qarab vazifalar o‘zgarib turishi mumkin. Misol uchun, g‘alla mavsumida g‘allani nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, undan keyin yerga takroriy ekinlar ekilishini nazorat qilish, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, sanoat, ishlab chiqarish, kichik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bilan tanishish, muammolarini o‘rganish va tahlil qilish bo‘lishi mumkin.
Menimcha, bugun har bir rahbar ish kunini puxta rejalashtirishi lozim va albatta bajarilishiga erishishi kerak. Hokimlik faoliyatida mayda ishning o‘zi yo‘q.
- Bahodir Abdullayevich ko‘chadagi mavqeidan ortib, oddiy ota bo‘la oladimi?
- Shaxsan men uchun har qanday darajadagi mavqedan ko‘ra oddiy ota bo‘lish afzal. Albatta, xalq, rahbariyat ishonib topshirgan mas’uliyatli vazifadan faxrlanish lozim, qadrlash kerak. Butun mas’uliyat va shu bilan birga javobgarlikni his etgan holda bor kuch-quvvatimni, bilimimni shu ishonchni oqlashga sarf qilaman. Lekin bu oila ikkinchi yoki uchinchi darajali degani emas. Farzandlarim, nevaralarimni har kuni ko‘ra olmasam-da, ko‘nglimda har birining o‘z o‘rni bor. Ularni yaxshi ko‘raman, uzoq vaqt ko‘rmasam sog‘inaman. O‘ylashimcha, oila a’zolarimga, men hokim sifatida emas, avvalo, oddiy ota sifatida kerakman.
- Umuman, oila davrasida Bahodir Bahromovning o‘rni va roli qanday?
- O‘zimga o‘zim baho bera olmayman. Bir narsani aytishim mumkin, qizlarim bilan ham, o‘g‘lim bilan ham oilaviy masalalar erkin, do‘stona, ochiq ruhda muhokama qilinadi. Bunda albatta, ularning shaxsiy hayoti hamda fikrlarini hurmat qilaman, ularni tinglayman.
Fikrimcha, har bir oila o‘zi bilan o‘zi tinch bo‘lsa, mahalla ham, jamiyat ham albatta, tinch bo‘ladi.
- Bulung‘ur tumani hokimi kimni SEVIB O‘QIB, kimni O‘QIB HAYRATLANADI?
- O‘ylashimcha, insonning o‘zida mutolaaga ishtiyoq bo‘lsa albatta vaqt topiladi. Misol uchun, oxirgi o‘qigan kitobim, o‘tgan dam olish kuni – yakshanbada Ismatilla Yo‘ldoshevning “Qora farishta” kitobini 4 soatda o‘qib chiqdim. Asar viloyatimizda ro‘y bergan real voqealarga asoslangan holda yozilgan. Ya’ni, hayotning o‘zidan olingan.
Menga ko‘proq millatlar, jamiyatlar hayotida muhim iz qoldirgan tarixiy shaxslar hayotiga bag‘ishlangan asarlar yoqadi. Xususan, shu kunlarda Durbek Qo‘ldoshev qalamiga mansub “Imperatorning tug‘ilishi” (Boburning bolaligi) asarini o‘qiyapman.
- Qaysi adiblarni qadrlaysiz, viloyatdagi, tumandagi ijodkorlardan-chi?
- O‘tkir Hoshimov, Sirojiddin Sayyidning ijodini hurmat qilaman. Erkin Vohidovning asarlarini ham sevib o‘qiyman. Mahalliy ijodkorlardan Farmon Toshev, Karimberdi To‘ramurod, Ismatilla Yo‘ldoshev, Xosiyat Bobomurodovalarning ijodini kim bilmaydi deysiz?
Bundan tashqari, Bulung‘ur tumanida ham iste’dodli ijodkorlar ko‘p. Ularning ijodini ham muntazam kuzatib, imkoniyatimiz darajasida qo‘llab-quvvatlab boraman. Misol uchun, oddiy inson Ro‘ziboy Xolmirzayev bugungi kunda 80 yoshni qoralagan bo‘lishiga qaramasdan, boshqa mavzular qatori, yosh bir oshiq kabi go‘zallik, muhabbat to‘g‘risida ham otashin she’rlar yozadi. U kishining ijodini kuzatib, inson qalbi go‘zallikka, muhabbatga doim tashna bo‘lib qolishiga yana bir karra ishonch hosil qilganman.
2019 yilda shoirning “Vatan tuyg‘usi” she’riy to‘plami nashrdan chiqishida hokimlik yordam ko‘rsatdi. Ayni kunlarda ikkinchi kitobi ham nashrga tayyorlanmoqda. Bu kitobining nashrdan chiqishini ham albatta qo‘llab-quvvatlaymiz.
- Shaxsan amalga oshirgan va bundan faxrlangan ishingizga misol ayta olasizmi?
- To‘g‘risini aytganda, qaysidir ishni amalga oshirganimdan g‘ururlanaman deyish biroz nokamtarlik bo‘ladi. Lekin uzoq yillardan buyon yechimi topilmayotgan yoki ko‘pchilik taqdirida ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga aloqador, biroq ko‘pchilikning umidi so‘ngan muammolarni viloyat yoki respublika darajasiga olib chiqib, ijobiy yechimida hissa qo‘sholsam, bundan faxrlanaman.
- Masalan...
- Avliyo Parpi va Erganakli mahallalarida ichki imkoniyatdan kelib chiqib, ko‘priklar qurildi. Erganakli mahallasida shuningdek, dastur asosida zamonaviy ko‘prik barpo etilmoqda.
- Davlatimiz rahbari 2019 yilda viloyatimizga tashrifi davomida Bulung‘ur tumani bilan Xitoy o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini bergandi. Biroq viloyat sanoatida Bulung‘urni mavqei ko‘tarilmayotgandek, nazarimda...
- Avvalo, viloyat miqyosida solishtiradigan bo‘lsak, Bulung‘ur tumani sanoati rivojlangan tumanlardan biri hisoblanadi. Bulung‘urda ishlab chiqarish, qayta ishlash korxonalari, klasterlar mavjud. Bularning barchasi sanoat.
Davlatimiz rahbari, haqiqatdan ham, 2019 yilda viloyatimizga tashrifi davomida Bulung‘ur tumani bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Xitoy tajribasini Bulung‘urda joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Biz bu masala borasida ko‘p o‘yladik. Mutaxassislar bilan maslahatlashdik va bir nechta loyihalar ishlab chiqildi.
Xitoylik tadbirkorlar tomonidan tumanning geografik joylashuvi, iqlimi, sharoitlari o‘rganilib, 2019 yil tumanda “Samarqand Richland International Investment” xorijiy korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxonaga chorvachilik agroklasterini tashkil etish uchun tumanning “G‘o‘bdin” massividan 2000 gektar lalmi yer maydoni ajratib berildi. Bugungi kunda loyihani ishga tushirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratish lozim, gap unumdor, suvli yerlar haqida emas, o‘zlashtirilmagan, lalmi yerlarga suv (artezian) quduqlarini qurib, o‘zlashtirish haqida ketyapti. Ayni shu yo‘nalishda mahalliy tadbirkorlar tashabbusiga ko‘ra, "METIN GROUP IMPEKS" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chorvachilikni rivojlantirish uchun ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. Loyiha 2021 yil 2-choragida ishga tushirilishi belgilangan.
- Bugungi pandemiyaning sabablari va oqibatlari haqida xulosalaringiz...
- Butun dunyoda pandemiyaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Oqibatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, albatta, pandemiya iqtisodga, sanoatga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Lekin shu bilan birga, hukumatimiz, davlatimiz rahbari tomonidan pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish borasida qator qaror va farmoyishlar qabul qilinmoqda.
Pandemiya turmushimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, turli katta-katta bazm, marosimlarni ham chegaradan chiqmagan holda o‘tkazish mumkin ekanligiga jamoatchilik ko‘nikib qoldi. Pandemiya sababli har birimiz sanitariya-gigiyena talablariga, sog‘lom turmush tarziga e’tibor qaratishni o‘rgandik. Umuman olganda, pandemiya kamchiliklarimizni ko‘rsatdi va bugungi hayotimiz, turmush tarzimiz haqida chuqur o‘ylashga majbur qildi. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarsak, o‘ylaymanki, barchasi yaxshi bo‘ladi.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.