“Bulung‘ur-Sandvik” 1 million 579 ming AQSh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qildi

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tadbirkorlar tomonidan 1 million AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportga yo‘naltirildi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Respublikada yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Buning natijasida mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi korxonalarini isloh qilish borasidagi dasturlar Samarqand viloyatida ham bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Ayni kunlarda viloyatda paxta, g‘alla va meva-sabzavotchilik yo‘nalishida 40 dan ortiq klaster korxonalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarining eksport salohiyati tobora ortib bormoqda.

Jumladan, “Bulung‘ur-Sandvik” MChJ mahsulotni sanoat usulida qayta ishlash orqali eksport qilishga ixtisoslashtirilgan yirik klaster korxonalaridan biri sanaladi. Ushbu korxona tomonidan 2019 yilda 5 million 955 ming AQSh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari Rossiya, Germaniya, AQSh singari ko‘plab davlatlarga eksport qilingan.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi asoratlarini bartaraf etish, Respublikamizning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish maqsadida “Bulung‘ur-Sandvik” MChJ joriy yilda 8 million AQSh dollaridan ziyod mahsulotni eksportga chiqarishni rejalashtirgan. Bugungi kunga qadar 1 million 579 ming AQSh dollari miqdoridagi karam, ismaloq, shivit, luk pari kabi mahsulotlar AQSh, Rossiya va Yevropa davlatlariga eksport qilingan.

Ayni vaqtda klaster korxonalari tomonidan Bulung‘ur tumanida 341 gektar, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi fermer xo‘jaliklariga qarashli 1 ming 100 gektar maydonda bulg‘or qalampiri, karam, luk pari singari eksportbop qishloq xo‘jalik mahsulotlari parvarishlanmoqda.

O‘z o‘rnida, viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan eskportyor korxonalarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirilgan tartibda tez fursatlarda amalga oshirishda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yaqindan ko‘mak berilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.