Bulung‘ur tumani Navbahor mahallasiga 2028 yil qachon keladi?

Bugun mahalladoshlarimiz, hatto yosh bolalar ham 2028 yilni kutadigan bo‘lishgan. Gap shundaki, mahallamizga o‘tgan asrning ikkinchi yarmida 40 xonadonga mo‘ljallangan transformator va shunga mos simyog‘ochlar o‘rnatilgan. Yillar o‘tdi, aholi ko‘paydi, iqtisodiyot rivoj topdi, ammo transformatorni yangilashni imkoni topilmadi. Har kuni qorong‘u tushishi bilan chiroq o‘chadi.

Ayniqsa, qish kunlari eski transformatorni ta’mirlash uchun har ikki, uch kunda 10-20 ming so‘mdan pul yig‘amiz.

Mahallamiz tuman ichki ishlar bo‘limi hududiga biriktirilgani bois ham sektor rahbarining bo‘sh vaqtini belgilab uchrashuvga chaqirdik. Ammo sektor rahbari ishxonasidan 1,5-2 kilometr joyga kelmaydi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga murojaat qilsak «Transformatorlaring 2028 yil dasturiga kiritilgan» deydi. Korxona boshlig‘i qabul qilmaydi, xodimlari esa «Qo‘shni mahallalaringdan o‘rnak olinglar» deb yana qaytarishadi.

Bilsak, boshqa mahalladagilar transformatorni almashtirish uchun bir necha million so‘m yig‘ib berishgan ekan. Axir, biz yetkazib berilayotgan elektr energiyasi haqini to‘layotgan bo‘lsak, yana shuncha mablag‘ to‘plab berishimiz kerakmi?

Hamma joyda bo‘layotgan o‘zgarishlar bizning mahallaga qachon keladi?

Abdurahmon Shukurov,

Bulung‘ur tumani, Navbahor mahallasi.