Bulung‘ur va Samarqand tumanlarida murojaatlar soni keskin ko‘paygan. Nega?

Vazirliklar, idoralar, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va mahalliy ijro hokimiyati organlarida 2018 yilda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari tahlil etildi.

Hisobot yilida Vazirlar Mahkamasi apparati, vazirliklar, idoralar, davlat ishtirokidagi tashkilotlar, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga bevosita jismoniy va yuridik shaxslardan 891,2 mingta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 687,6 mingta murojaatlar kelib tushgan.

Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan hisobotlarda qayt etilishicha, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 3995 nafar mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilgan. Xususan, rahbar va mas’ul xodimlardan 316 nafari egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan, 3586 nafari intizomiy, 82 nafari ma’muriy, 11 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Viloyatimizdagi ayrim tuman va shahar hokimliklari, tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, “O‘zstandart” agentligining viloyat boshqarmasida murojaatlar bo‘yicha ish yuritish tizimi tashkil etilmagan, qayd etish varaqalari to‘liq yuritilmagan, murojaat mualliflarining manzillari, murojaat mazmuni, ijro muddati va ularni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etilmagan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishni nazorat qilish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmagani, joylardagi muammolarni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmaganligi oqibatida murojaatlar soni 2017 yilga nisbatan Bulung‘ur tumanida 2,5, Samarqand tumanida 2,1 barobarga ko‘payishiga yo‘l qo‘yilgan. Oqdaryo tumani hokimligiga 163 ta, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimligiga 72 ta murojaat takroriy tushgan.

Viloyatimizda 354 holatda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Eng ko‘p buzilishlar Urgut (78 ta) tumani, Samarqand (47 ta) shahri hokimliklariga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasidan kelib tushgan murojaatlar bilan ishlashga e’tiborsizlik bilan qarayotganliklari hamda mas’ul xodimlarning o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani oqibatida Paxtachi tumani hokimligida 254 ta murojaatning belgilangan muddati buzilgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishni tizimli tashkil etmagani, qonunda belgilangan muddatlarning buzilganligi va maqsadli o‘rganishlar zarur darajada o‘tkazilmaganligi uchun Jomboy tumani hokimi jiddiy ogohlantirilgan.