Bulung‘urda 611 nafar fuqaroning pensiyasi qayta hisob-kitob qilindi

Bu haqda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Bulung‘ur tuman bo‘limi boshlig‘i J.Abraqulov zarnews.uz’ga ma’lumot berdi.

- Shu yilning 19 sentyabrida «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirildi, - deydi J.Abraqulov. - Shu paytgacha pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining o‘n barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda hisobga olinib pensiya tayinlab kelingan edi. Ya’ni, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 324 ming so‘m hisobidan uning 10 barobari 3 million 240 ming so‘mni tashkil qilgan va pensiya shu hisobdan tayinlangan bo‘lsa, endilikdan ushbu chegara 3 million 888 ming so‘mni tashkil qiladi.

Bulung‘ur tumani pensiya jamg‘armasi hisobida bugungi kunda 20517 nafar pensiya, nafaqa oluvchilar bor. 2023 yil 1 yanvardan 611 nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilindi va ularga oshirilgan pensiyalari yanvar oyida to‘lab beriladi.