Bulung‘urda svet o‘chmayaptimi?

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan OAV xodimlari uchun “Bulung‘ur elektr tarmoqlari” korxonasiga press-tur tashkil etildi.

Dastlab tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Ikrom Murodov jurnalistlarga yaqinda kuchli shamol ta’sirida hududdagi 50 ta fiderdan 4 tasida uzilish kuzatilgani va nosozliklar qisqa vaqtda bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklanganini bildirdi.

Shundan so‘ng aholiga elektr energiyasi yetkazib berish va mavsum oldidan ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdik. Xususan, tuman elektr ta’minotida 6 dona podstansiya bo‘lib, 39 mingdan ziyod iste’molchiga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

- Tumanda elektr energiyasi bilan bog‘liq avariya holatlarini bartaraf etish uchun 1 ta tezkor brigada va 3 ta ustachilik bo‘limi tashkil etilgan, - deydi I.Murodov. – Elektr ta’minotini yaxshilash va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 66 dona transformator punkti va havo elektr uzatish tarmog‘ining 157,6 kilometri mukammal ta’mirlandi. 882 dona temir beton ustun, 11 dona transformator punkti o‘rnatilib, 37,4 kilometr havo elektr uzatish tarmog‘i tortildi.

Reja bo‘yicha joriy yilning 1 martiga qadar qo‘shimcha yana bitta transformator punkti va 2,6 kilometr elektr uzatish tarmog‘ini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Aytish joizki, o‘tgan yilning shu davrida tuman aholisining elektr energiyasidan 46 milliard so‘mdan ziyod qarzdorligi bor edi. Tegishli mutasaddi tashkilotlar hamkorligida 16 milliard so‘m qarzdorlik undirildi. Ayni paytda qolgan 30 milliard so‘m qarzdorlikni ham undirish choralari ko‘rilmoqda.

Press-tur davomida mavsumoldi tadbirlar rejasiga muvofiq, Oqtosh, Erganakli, Gulzor, G‘o‘bdin, Avliyo Parpi, Beshkuvi va Amir Temur mahallalarida temir-beton ustunlar o‘rnatish, elektr tarmoqlari tortish, transformator punktlarini ta’mirlash va yangilash ishlari amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik.

Masalan, Oqtosh mahallasiga 93 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 4 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilgan.

- Simyog‘och va tarmoqlar yaroqsizligidan elektr ko‘p o‘chib, chiroqlar ham zaif yonardi, - deydi Amir Temur mahallasida yashovchi Rahmat Qurbonov. – Yangi transformator va 40 ta beton-ustun o‘rnatilib, 4,3 kilometr tarmoq tortilgach, bu muammolar hal bo‘ldi, baraka topishsin.

Press-tur doirasida ishtirokchilar «Bulung‘ur» 110/35/10 kVA nimstansiyasi ishchi holati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga javob oldi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.