Bulung‘urlik tadbirkor “Tashabbus-2019” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi
“Tashabbus” ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida 24 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan yagona tanlov ekanligi bilan ajralib turadi.
Ko‘rik-tanlov 5 ta asosiy nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi. Tanlovning respublika bosqichi mutlaq g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – “Chevrolet-Spark” avtomashinalari bilan taqdirlanadi.
Kecha “Tashabbus-2019” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Quvonarlisi, “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand viloyati nomidan qatnashgan Bulung‘ur tumanida joylashgan “Faravon metan savdo” ma’suliyati cheklangan jamiyati rahbari Narziqul Xoliqov tanlovning respublika bosqichida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda kumush medali va 20 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Narziqul Xoliqov “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha ham mutlaq g‘olib deb topildi.