Bunaqa libosda suratga tushishni orzu qilmagandik

Bu kiyimni qachon va qanday vaziyatda kiyish haqida talabaligimizda o‘rgatishgan. Keyin ayrim o‘quv mashg‘ulotlari paytida, seminarlarda kiyib ko‘rganmiz yoki shunga da’vat qilishgan. Shunday vaqtlarda yarim soat-bir soatda bu kiyimda o‘tirish yoki yurishning qanchalik noqulay va qiyinligini his qilganmiz. Ammo hech qachon bir kun kelib shu kiyimlarda ishlashimizga to‘g‘ri kelishini o‘ylab ko‘rmaganmiz, tasavvur ham qilmaganmiz.

Afsus, bugun ana shunday libosdamiz. Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilingach, 27 martdan bizning muassasamizga ham infeksiya yuqtirgan kishilar bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar, xorijiy davlatlardan qaytgan shaxslar, kasallikdan tuzalganlar joylashtirildi.

14 kundan shifoxonamizda «mehmon» bo‘lganlar bugungacha ming nafardan oshib qoldi. Ularga o‘zimizning 30 nafarga yaqin shifokor va hamshiralarimiz, 5 nafar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari xizmat ko‘rsatdi. Haftalab, oylab uyimizga bormasdan ishlashga majbur bo‘ldik.

Har 14 kunlik muddatdan keyin karantinga olingan kishilarga javob berilganda xodimlarimizga ham uyiga borishga ruxsat bor edi. Lekin ko‘pchilik karantindan keyingi vaqtni ham shu yerda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Ota-ona, oila a’zolarimizni sog‘insak-da, avvalo, ularning salomatligini o‘ylab shunday yo‘l tutishga majbur bo‘ldik. O‘zim ham tez-tez onam bilan telefon orqali gaplashib, ularni, bolalarimni sog‘inganimni, bunday suhbatlashish baribir sog‘inchga malham bo‘lolmasligini aytsam, u kishi «Bolam, biz sog‘-omonmiz, bolalaring salomat, yeb-ichishida kami yo‘q. Kasbing shunaqa, o‘zing va boshqalar salomatligiga javobgarsan», deb ko‘ngilga taskin berdilar.

Karantin muassasasida ishlaganimiz uchun ish haqimizga 6 foizlik ustama berilgani, koronavirusga chalingan bemorlarga qaragan tibbiyot xodimlariga 5 milliondan 25 million so‘mgacha haq to‘langani ham og‘ir vaziyatda bizga ancha dalda bo‘ldi.

Kuni kecha Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh hamkasblarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ro‘yxatda Samarqanddan ham 10 nafar tibbiyot xodimi borligidan xursand bo‘ldik. Haqiqatan ham bugungi murakkab vaziyatda, boshqacha aytganda, koronavirusga qarshi «urush»da birinchi qatorda turgan tibbiyot xodimlarining mehnati qahramonlik, e’tirofga munosib, deb o‘ylayman.

Ko‘pchilik «shifokorning vazifasi bemorlarga xizmat ko‘rsatishda», deb aytishi ham mumkin. To‘g‘ri, bu bizning burchimiz. Ammo oylab shifoxonada yashab, tunu kun xavfli kasallik bilan kurashish uchun ham kishida jasorat, odamlarga mehr bo‘lishi kerak. Ana shunday zahmat chekib mehnat qilsangiz va bemor ko‘z o‘ngingizda sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytayotganida «umringizdan baraka toping, qo‘lingiz dard ko‘rmasin», deb chin dildan minnatdor bo‘lsa, zahmatlaru charchoqlar ham sizni tark etgandek bo‘ladi.

Ilohim, bu «yov» tezroq chekinsin, yana avvalgidek, tinch-xotirjam yashash, ishlash barchamizga nasib qilsin.

Farhod BOTIROV,

Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi bosh shifokori.